Toshkent viloyatida kurash sayillari davom etmoqda
Mustaqillikning 32 yilligi munosabati bilan Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida “Polvonlari ko‘p yurt –– qudratli bo‘lur !” shiori ostida kurash sayillari bo‘lib o‘tmoqda.
Toshkent viloyati prokuraturasi hamda viloyat kurash federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan bellashuvlarda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan havaskor polvonlar ishtirok etmoqda.

Toshkent tumanida sport arenasida bo‘lib o‘tgan bahslarda 150 nafarga yaqin ishtirokchi g‘oliblik uchun bellashdi. Qizg‘in kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvlarda Baxtiyor Ilhomov, Muhammadg‘ani Husainov, Abdimo‘min Abdurazzaqov, Rahim Isroilov, Otabek Alijonovlar g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Kurash sayillari viloyatning Yuqori Chirchiq, Qibray tumanlarida ham yuqori darajada o‘tkazildi. Kurash bayrami yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xalqaro kurash kuniga bag‘ishlangan asosiy tadbir 6 sentyabr kuni Parkent tumanining markaziy stadionida bo‘lib o‘tadi. Unda hududlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 2003 - 2004 va 2006 - 2007 yillarda tug‘ilgan yoshlar Toshkent viloyati prokurorining sovrini uchun bellashadi.
N.Rajabova, O‘zA