Toshkent viloyatida “Deputat ayollar klubi” ochildi
Shu munosabat bilan viloyat Adliya boshqarmasida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy va viloyat kengashi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlaridagi ayollar, partiya faxriylari va faollari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda xotin-qizlar, oila, onalik va bolalik, gender masalalarini tizimli hamda manzilli hal etish, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Xotin-qizlar masalasi bilan bevosita faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy sohada ayollar masalalariga oid belgilangan maqsad, vazifalarini amalga oshirish maqsadida partiya qoshida “Deputat ayollar klubi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Maqsad ayol deputatlarning muloqot va tajriba maydonini yaratish, hududlardagi “Ayollar qanoti” faollarini biriktirish orqali siyosatchi ayollarning yangi avlodini tarbiyalashga erishishdir. bugungi kunda mazkur klubning ijtimoiy tarmoqda telegram guruhi ishga tushirilib, joylarda amalga oshirayotgan faoliyati bo‘yicha tajriba almashish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan davr mobaynida partiya tomonidan mamlakatimizda qabul qilingan Gender masalalariga oid qonunchilik ijrosini ta’minlash maqsadida gender statistikasi va gender reytinglari ishlab chiqildi. Ayni kunda partiyaning Toshkent viloyat Kengashining 23 ming 438 nafar umumiy a’zolaridan 11 ming 313 nafari xotin-qizlardir.
Tadbirda vakillik organlariga saylangan deputat ayollarning faoliyatini takomilashtirish, ularga berilgan vakolatlaridan kengroq foydalanishga oid masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi. Kelgusida “Deputat ayollar klubi”ning strategik «Yo‘l xaritasi» belgilab olindi. Shundan so‘ng partiya safiga qabul qilinganlarga a’zolik guvohnomasi topshirildi.
