Toshkent viloyatida aroniya o‘simligi ko‘paytirilmoqda
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida aroniya maydonlari tashkil etilmoqda. Toshkent davlat agrar universiteti Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi fakulteti talabalari ustozlari, kafedra professori Muhammadaziz Faxriddinov ko‘magida ushbu o‘simlik parvarishi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda.
Aytish kerakki, qora mevali aroniya ozuqa, manzarali va dorivorlik xususiyatiga ega bo‘lgani uchun uni ko‘paytirish maqsadida yetishtirilmoqda. Ushbu dalaga 4 yil burun Serbiya davlatidan buta ko‘chatlari keltirilgan. Soha mutaxassislarining tahlillariga ko‘ra o‘simlik O‘zbekiston yerlariga mos kelgan, hosildorligi ko‘proq, mevalari yirikroq. Agrotexnik tadbirlari ham unchalik murakkab emas. Suv va o‘g‘itlari vaqtida berilsa, ko‘zlangan maqsadga erishiladi. Kasalliklarga deyarli uchramaydi. Asosan tomchilatib sug‘orish orqali parvarish qilinmoqda. Egat oralig‘i 4 ga 1.5 sxemada ekiladi. Tuproq tanlamaydi va bizning muhitga to‘g‘ri keladi.
- Qora mevali aroniya o‘zining qimmatli xususiyatlari bilan ajralib turadi, - deydi Toshkent davlat agrar universiteti Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi fakulteti talabasi Muhammadumar Sodiqov. - Atirguldoshlar (Rosacyeaye) oilasiga mansub bo‘lib, mevali daraxt yoki buta hayotiy shakliga ega. Odatda u xalq tabobatida keng qo‘llaniladi. So‘nggi yillarda undan oziq-ovqat sanoatida rang beruvchi vosita sifatida foydalanilmoqda. Qurg‘oqchilikka va issiqqa o‘ta chidamli bo‘lgani uchun kam suv talab qiladi. Boshqa ekinlar o‘smaydigan unumsiz yoki sho‘rlangan yerlarda ham o‘sadi.

- Aroniyaning vatani Shimoliy Amerika hisoblanadi, - deydi ushbu fakultet talabasi Merella To‘ychibekova. - Keyinchalik u Yevropa va boshqa hududlarga tarqalgan. Hozirgi kunda oziq-ovqat mahsuloti sifatida turli mamlakatlarda yetishtiriladi. Butasi odatda 1–3 metr balandlikka yetishi mumkin. Barglari yashil rangda bo‘lib, kuz faslida qizil yoki to‘q- qizil rangga kiradi. Bahorda oq rangli gullar ochadi. Mevalari kichik, dumaloq bo‘lib, odatda yoz oxiri yoki kuz boshida pishadi. Pishgan mevalari juda to‘q rangga ega bo‘ladi. Ularning ta’mi shirin, nordon va biroz taxir bo‘lishi mumkin.
Aroniya mevalari yangi yoki quritilgan holda iste’mol qilinadi. Shuningdek, undan sharbat, choy, murabbo, sirop, ichimlik va turli desertlar tayyorlash mumkin. Uning tarkibida inson organizmi uchun juda foydali bo‘lgan ko‘plab vitaminlar, minerallar va biologik faol moddalar mavjud.
Ayniqsa, to‘q rangni beruvchi antotsianlar va polifenollar muhim ahamiyatga ega. Ular antioksidant xususiyatga ega. Organizmni oksidlovchi stressdan himoya qilishda yordam beradi. Immun tizimining normal faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda muhim hisoblanadi. Ovqat hazm qilish tizimining normal ishlashiga yordam beradi. U mayda qon tomirlari devorini o‘tkazuvchanligini va ularning mo‘rt - sinuvchan bo‘lib qolishini kamaytiradi, qon tomirini kengaytiradi hamda gipertoniya bilan kasallangan bemorlarning qon bosimini pasaytiradi. Meva va uning shirasi yana me’da shirasi va o‘t ajrashini kuchaytiradi, me’da fermentlarining faolligini oshiradi hamda ateroskleroz bilan og‘rigan bemorlarning qonidagi xolesterin miqdorini kamaytiradi.
Hozirda tajriba-sinov sifatida Yuqori Chirchiq tumanida ushbu o‘simlik 2 gektarda ko‘paytirilmoqda, barcha xususiyatlari o‘rganib chiqilganidan so‘ng respublikamizning boshqa hududlarida ham ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA