Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati FVBB tizimida xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilar o‘rtasida "Ma’naviyat qalqoni" Respublika kitobxonlik tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad harbiy xizmatchilar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib etish orqali ularning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda kitobga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.

Jarayonda ishtirokchilar belgilangan shartlar asosida o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etib, mutolaa madaniyati borasidagi tayyorgarliklarini sinovdan o‘tkazdi. Yakunda eng faol va bilimdon ishtirokchilar aniqlanib, munosib taqdirlandi.
***

Bekobod tumanida fermer xo‘jaliklari rahbarlari va soha mutasaddilari ishtirokida paxta terish mashinalarini xarid qilish ishlarini jadallashtirish hamda takroriy maydonlarga kartoshka ekish ishlarini qisqa muddatlarda yakunlash bo‘yicha amaliy seminar-uchrashuvlar tashkil etildi.
Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari X.Qoraboyev, viloyat prokurori o‘rinbosari B.Yo‘ldoshev hamda viloyat IIBB boshlig‘i o‘rinbosari N.Xubbinov qatnashgan tadbirda sohada amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, fermerlarni qiziqtirayotgan dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, joylarda aniqlangan muammolar ishchi guruh tomonidan bevosita o‘rganilib, ularni tezkor bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar va amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
***

Prezidentimizning topshiriqlariga muvofiq elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida Yangiyo‘l tumanida tashkil etilgan maxsus shtab tomonidan hududda kompleks o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari tomonidan ikki hafta davomida tumandagi barcha 51 ta mahallada aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining elektr energiyasi hamda tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji chuqur tahlil qilinishi belgilangan.
Navbatdagi o‘rganishlar davomida ishchi guruh Gulbahor va Paxta mahallalarida bo‘lib, elektr tarmoqlari, transformator punktlari, havo elektr uzatish liniyalari hamda gaz ta’minoti infratuzilmasining holatini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, aholi va tadbirkorlar tomonidan bildirilgan murojaat va takliflar ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Aniqlangan har bir masala yuzasidan mas’ul tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatildi. Ayni paytda mahallalarda elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, eskirgan tayanchlar va elektr uzatish liniyalarini yangilash, qo‘shimcha transformator quvvatlarini ishga tushirish kabi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
A. Musayev, O‘zA