Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Shu kunlarda sholichilikda eng mas’uliyatli agrotexnik davrlardan biri davom etmoqda. Aynan ushbu bosqichda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish sholi ekinlarining sog‘lom rivojlanishi, hosildorlikni oshirish hamda mo‘l va sifatli hosil yetishtirishning muhim omili hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan Bekobod tumanidagi fermer xo‘jaligida sholikor fermerlar ishtirokida amaliy seminar tashkil etildi. Mutaxassislar tomonidan sholi maydonlarida begona o‘tlarga qarshi kurashishning samarali usullari, zararkunanda va kasalliklarni erta aniqlash, ularning oldini olish hamda ularga qarshi kurash tadbirlarini ilmiy asosda tashkil etish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, fermerlarga mineral o‘g‘itlarni me’yorida qo‘llash, sug‘orish rejimini to‘g‘ri tashkil etish, ekinlarning vegetatsiya davrida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida sifatli bajarish yuzasidan amaliy tavsiyalar taqdim etildi. Dala sharoitida mavjud holatlar tahlil qilinib, fermerlarning savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
***
“Oybek” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalari va giyohvandlik urug‘larining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha navbatdagi qonunbuzilish holati aniqlandi. Qo‘shni davlatdan mamlakatimizga kirib kelayotgan fuqaroning transport vositasi bojxona xodimlari va kinolog ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazildi.

Bojxona xodimlarining hamda kinolog ishtirokida o‘tkazilgan ko‘rik davomida yuk hujjatlarida va bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan og‘irligi 5,01 gramm bo‘lgan 1 dona ko‘knori golovkasi hamda 153,16 gr og‘irlikdagi ko‘knori urug‘lari aniqlandi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
***
Qurilish ob’ektlarining mustahkamligi va uzoq muddat xizmat qilishi avvalo foydalanilayotgan qurilish materiallarining sifatiga bevosita bog‘liq. Shu bois Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi sinov laboratoriyasida qurilish ob’ektlarida qo‘llanilayotgan armaturalar namunalarining sifat ko‘rsatkichlari yuzasidan navbatdagi laboratoriya sinovlari o‘tkazildi.

Jarayonda barcha namunalarining mexanik xususiyatlari zamonaviy sinov uskunalari yordamida tekshirildi. Jumladan, metallning cho‘zilishdagi mustahkamligi, uzilish chegarasi, deformatsiyaga chidamliligi hamda boshqa texnik ko‘rsatkichlari amaldagi davlat standartlari va normativ hujjatlar talablari asosida baholandi.
Asosiy maqsad — qurilish ob’ektlarida foydalanilayotgan armaturalarning sifatini tasdiqlash, ularning loyiha talablariga mosligini aniqlash hamda sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishning oldini olishdan iborat. Ma’lumki, armatura temir-beton konstruksiyalarning asosiy yuk ko‘taruvchi elementi hisoblanadi. Shu sababli uning sifat ko‘rsatkichlari qurilayotgan bino va inshootlarning seysmik barqarorligi, mustahkamligi hamda ekspluatatsiya davridagi ishonchliligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Musayev,O‘zA.