Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yurtimiz bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining 2-bosqichi — hududiy bosqich, ya’ni “Hokim olimpiadasi”ga start berildi.
Mazkur nufuzli sport musobaqalari doirasida Toshkent viloyatining Chirchiq va Yangiyo‘l shaharlari, Quyi Chirchiq hamda Yuqori Chirchiq tumanlari, shuningdek, Olimpiya shaharchasida sportning bir qator turlari bo‘yicha qizg‘in bahslar tashkil etilmoqda. Xususan, dzyudo, yunon-rum kurashi, yengil atletika, basketbol 3x3, badminton, og‘ir atletika, qilichbozlik, tennis hamda sohil voleyboli musobaqalarida yosh sportchilar o‘z mahoratlarini namoyish etmoqda.
“Hokim olimpiadasi” sport orqali yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, iqtidorli sportchilarni saralab olish hamda olimpiyachilar safini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

***
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari hamda DXX Chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda xizmat iti yordamida yurtimizga o‘tish uchun “Yallama” chegara bojxona posti orqali fuqaro boshqaruvida kirib kelgan yengil avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Jarayonda haydovchi o‘rindig‘i tagiga yashirilgan, tegishli ruxsat beruvchi hujjatlarsiz bo‘lgan 35 dona “12 kalibrli” gilzalar borligi aniqlandi.
Yana bir holatda mazkur post orqali kirib kelgan boshqa bir avtotransport vositasi ko‘zdan kechirildi. Unda haydovchi tomonidan og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 2 dona “12/70 Azot NRG Auto №4 36g” rusumli jangovar patron borligi fosh etildi.
Hozir mazkur holatlar yuzasidan tegishli tartibda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.


***
Xalqaro oila kuni munosabati bilan Chirchiq shahrida bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda viloyat va shahar hokimligi mas’ullari, tegishli soha rahbarlari, ibratli oilalar, mehnat faxriylari, nuroniylar, mahalla faollari, xotin-qizlar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. So‘z olganlar oilaning jamiyatdagi o‘rni, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish va yosh avlodni vatanparvarlik hamda oilaparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda viloyatda oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash hamda ajrimlarning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 950 mingdan ortiq oila istiqomat qilmoqda. Shundan 30 yoshgacha bo‘lgan oilalar soni 376 mingdan ziyodni tashkil etadi. Joriy yilda hududiy komissiya tavsiyasiga asosan, 222 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoniga munosib deb topildi.


Tadbir davomida oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, farzandlarni halol, vatanparvar va ma’rifatli etib tarbiyalash hamda jamiyatda sog‘lom muhitni qaror toptirishga qo‘shayotgan hissasi uchun bir guruh oilaga “Ibratli oila” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
A. Musayev, O‘zA