Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Nurafshon shahrida Butunjahon atrof-muhitni himoyalash kuni munosabati bilan ekologik aksiya o‘tkazildi. Tadbir doirasida shahar bo‘ylab mingta qush uyasi o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Tadbirda ishtirok etgan shahar hokimi I. Qlichxanov ushbu tashabbusning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, uni yoshlarda tabiatga mehr va mas’uliyatni shakllantirishga xizmat qilayotgan muhim qadam sifatida baholadi. Maqsad hududda qushlar va insonlar uchun qulay ekologik muhit, barqaror ekotizim yaratishdir.

Mutaxassislar tomonidan volontyorlarga amaliy ko‘rsatmalar berildi. Shundan so‘ng volontyor yoshlar, ekofaollar tomonidan shahar bo‘ylab qush uyalari o‘rnatildi.
***
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Toshkent viloyat DXX xodimlari bilan hamkorlikda Yuqori Chirchiq tumanida sintetik giyohvandlik vositalari tarqalishiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda oldindan tezkor kuzatuvga olingan transport vositasi to‘xtatilib tekshirilganida avtomashina salonida ikki fuqaro tomonidan olib ketilayotgan ikki o‘ramda og‘irligi 2 kilogramm 524 gramm sintetik giyohvandlik vositasi hamda alohida qutilarda jami 928 dona tamaki mahsulotlari borligi fosh etildi.

Hozir holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
***
Toshkent viloyati hokimligida Prezidentimiz huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan Toshkent harbiy okrugi sayyor harbiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda belgilangan ustuvor vazifalarni joylarda samarali tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, “Bir million dasturchi” hamda “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida 5 ming nafar harbiy xizmatchilarni zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida o‘qitishni tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlar bilan manzilli ishlarni tashkil etish, ularni jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish, kasb-hunarga o‘qitish orqali hayotda mustahkam o‘rin topishiga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
A. Musayev, O‘zA