Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Hududgazta’minot” AJ Boshqaruv raisining tegishli topshirig‘i bilan hududlarda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan tadbirlar davom etmoqda.
Toshkent viloyatida filial komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari va huquq-tartibot organlari hamkorligida o‘tkazilgan reydlar davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Xususan, Bo‘stonliq tumanining “Xo‘jakent” MFYdagi xonadonda joylashgan “K.G.” nomli dala hovlida fuqaro loyiha texnik hujjatisiz tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat bo‘yicha qayta hisob-kitob amalga oshirildi va 3 milliard 43 million so‘mlik zarar aniqlandi.

Shuningdek, Ohangaron tumanining “Ilg‘or” MFYda yashovchi fuqaro X.Sh.ga qarashli uyda tabiiy gazdan foydalanish holati o‘rganilganda iste’molchi loyiha-texnik hujjatlarsiz tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, tijorat maqsadida novvoyxona tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, 395 million 900 ming so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Yuqoridagi noqonuniy holatlarga oid barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.
***
“Oybek” chegara bojxona posti orqali naqd xorijiy valyutani bojxona nazoratidan yashirin holda olib chiqishga bo‘lgan urinish bojxonachilar tomonidan chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda fosh etildi.
Qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan yo‘lovchi bojxona nazoratidan o‘tayotgan vaqtda o‘zining shubhali harakatlari bilan xodimlarning e’tiborini tortgan u belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazildi. Natijada, uning ustidagi kiyim cho‘ntagidan og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan va deklaratsiyalanmagan 30 mingdan ziyod AQSH dollari naqd xorijiy valyuta borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

***
Oqqo‘rg‘on tumani “Tarix va o‘lkashunoslik” muzeyi yosh avlod tarbiyasida muhim maskanlardan biri sifatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Bugun ushbu dargohga Chinoz tumanidan harbiy qism hamda Boshqirdiston davlatidan mehmonlar tashrif buyurdi.
Mehmonlarga Oqqo‘rg‘on zaminining qadimiy tarixi, buyuk ajdodlarimizning merosi, shuningdek, mustaqillik davrida erishilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Muzey xodimlari o‘z navbatida mehmonlarga milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazish barchamizning sharafli burchimiz ekanini qayd etdi.
Uchrashuv mehmonlarda katta taassurot qoldirib, yoshlarning qalbida ona yurtga mehr, ajdodlarga faxr va kelajakka ishonch tuyg‘ularini yanada boyitdi.


A.Musayev, O‘zA.