Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Piskentda suv ta’minotini yaxshilash uchun mahallalarda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan tumandagi 9 mahalla hududida jami 17 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.
Joylarda 275 nazorat quduqlari, yangi suv inshootlari qurildi, 46,6 kilometr suv tarmoqlari tortilib, suv inshootlari ta’mirlandi. Qolaversa, “Obod qishloq” Davlat dasturi asosida G‘ayrat, Chimqo‘rg‘on, Zominovul, Oqtom mahallalarida 28 kilometr suv tarmoqlari tortilmoqda.

***
Toshkent tumanining “Qorasaroy” mahallasida yangi “Gulzor” Madaniyat markazi foydalanishga topshirildi. Tadbirda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etdi. 140 o‘ringa mo‘ljallangan madaniyat markazida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan. Shuningdek, bu yerda 10 dan ortiq madaniy to‘garaklar, tikuvchilik shoxobchasi faoliyat ko‘rsata boshladi.
***
Joriy yilning 25 iyun kuni Bo‘stonliq tumanida bir necha “Matiz” rusumli transport vositasi haydovchilari guruh bo‘lib harakatlangan holda yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlarni amalga oshirgan.
Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng tumanda xizmat olib borayotgan Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasiga bo‘ysunuvchi yo‘l patrul xizmati guruhi va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi YPX inspektorlari tomonidan ushbu holat aniqlanib, “Matiz” avtomobili haydovchilariga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Avtoulovlar vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirildi
***
Viloyat hokimining tegishli qaroriga asosan Nurafshon shahar bosh rejasi talablari inobatga olinib, hudud markazi “Oybek” MFYda joylashgan “Amfiteatr” binosi Angren shahar markazidagi rekonstruksiya qilinayotgan “Yoshlar” bog‘iga ko‘chiriladigan bo‘ldi.
Mazkur bino Nurafshon shahar hokimligi tasarrufidan Angren shahar hokimligi tasarrufiga beg‘araz o‘tkazib beriladi. Ob’ektni ko‘chirish hamda qayta qurish ishlari bilan bog‘liq mablag‘ Angren shahar hokimligi mahalliy byudjetidan qoplanadi.
A.Musayev,O‘zA.