Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Joriy yil pilla qurtini boqish uchun O‘rta Chirchiq tumanidagi fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari o‘rtasida “Oltin pilla 2020” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnomalar tuzilgan edi. Bu yil pilla ozuqa bazasiga 400 ming tup tut ko‘chatlari ekildi. Tumanda 189 gektar tut plantatsiyalari mavjud bo‘lib, hosil beradigan 8 mingdan 9 minggacha qator tutlar o‘tqazildi. Ellik yettita mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan pilla boqish istagini bildirgan pillakorlar bilan 16 ming 128 kilogrammga qo‘shimcha shartnomalar tuzildi. Shu kunlarda tumandagi barcha fermer xo‘jaliklari tomonidan shartnomaviy rejaga asosan 2 ming 515 quti ipak qurti parvarishlanib, reja ortig‘i bilan bajarildi. Xirmon 146,8 tonnani tashkil etdi.

***
Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan 2-bosqichli ya’ni davlat tashkilotlariga tegishli va ijtimoiy ob’ektlarni tizimga kiritish ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirgacha viloyatda mavjud barcha maktablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar sohaning 8 ta yo‘nalishidagi mutaxassislardan iborat ishchi guruh tomonidan o‘rganilib, jami 850 ta maktab ma’lumotlari UzKad tizimiga kiritilishi ta’minlandi.
***

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamda Janubiy Koreyaning “Youngone Corporation” kompaniyasi o‘rtasidagi umumiy qiymati 25 million dollarlik loyiha borasida bir qator kelishuvga erishilgan edi. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev koreyalik hamkorlar bilan 7,4 gektar yer maydonida “Sport kiyim kechaklarini ishlab chiqarish” va 12 yarim gektar yer maydonida “Zamonaviy texnologiyalar asosida intensiv bog‘ barpo etish” bilan bog‘liq loyihalarni davom ettirish yuzasidan muzokara olib bordi. Unga ko‘ra, mavjud qurilishi tugallanmagan ip yigiruv fabrikasi binosini rekonstruksiya qilib, hududiga qo‘shimcha inshootlar qurish va bog‘ uchun yer ajratish masalalari ko‘rib chiqildi.
***

O‘quv yili tugab, yozgi ta’til kunlari ham boshlandi. Galdagi masala bolalarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish. Joriy yil yozgi bolalarni sog‘lomlashtirish mavsumi 6 iyundan boshlandi. Hozir viloyat bo‘yicha jami 147 ta, jumladan, 5 ta statsionar va 142 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari o‘z faoliyatini boshladi. Ularga mavsum davomida jami 50 ming nafardan ortiq bola qabul qilinadi.
A.Musayev,O‘zA.