Toshkent va Pekin temir yo‘l sohasida ilmiy hamkorlik o‘rnatadi
Toshkent davlat transport universiteti va Xitoy Temir yo‘l ilmiy-tadqiqot akademiyasi temir yo‘l sohasida qo‘shma ilmiy loyihalar bo‘yicha hamkorlik memorandumini imzoladi.
Sohada ilmiy salohiyatni yuksaltirish, ilg‘or xorijiy texnologiyani amaliyotga joriy etish maqsadida Toshkent davlat transport universiteti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Temir yo‘l ilmiy-tadqiqot akademiyasi o‘rtasida strategik hamkorlik memorandumi imzolandi. Onlayn shaklda tashkil etilgan uchrashuvda tomonlar temir yo‘l transporti yo‘nalishida qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirish, tadqiqot ishlarini rivojlantirish hamda mutaxassislar va olimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Muzokara yakunida imzolangan ushbu hujjat ikki tomonlama aloqani yangi bosqichga olib chiqish barobarida zamonaviy ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi. Transport ta’limi va ilm-fan integratsiyasini kuchaytirish, soha uchun xalqaro tajribaga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA