Toshkent va Nurafshon o‘rtasida yangi transport bog‘lamasi: qatnov vaqti o‘n besh daqiqaga qisqaradi
Prezident tashrifidan so‘ng...
Global urbanizatsiya asrida yirik shaharlar jiddiy sinovga duch kelmoqda, ayrim ko‘chalar transport oqimini sig‘dira olmay qolayapti. Yo‘llardagi tirbandlik nafaqat vaqtni o‘g‘irlaydi, balki iqtisodiyot va ekologiyaga ham zarar yetkazadi. Ushbu muammoni hal qilishda an’anaviy chorrahalardan ko‘ra samaraliroq tizim – yo‘l o‘tkazgichlar muhim rol o‘ynaydi.
Mamlakatimizda ushbu muammoning oldini olish, transport oqimini tizimli boshqarish maqsadida zamonaviy yo‘l o‘tkazgichlar va ko‘priklar bunyod etilmoqda.
Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan hafta Toshkent viloyatiga tashrifi davomida A-373 va Toshkent katta xalqa yo‘llari kesishmasida barpo etilgan yangi yo‘l o‘tkazgich faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur inshoot transport oqimini samarali tashkil etish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish hamda Toshkent shahri bilan Nurafshon o‘rtasidagi qatnov vaqtini 10-15 daqiqaga qisqartirishga xizmat qiladi.
[gallery-30547]
– Bektemir va O‘rta Chirchiq tumanlari tutashgan hududda 14,1 gektar maydonda barpo etilgan loyihaning qiymati 240 milliard so‘mni tashkil etdi. Loyihada transport oqimini turli sathlarda tashkil etishga qaratilgan zamonaviy muhandislik yechimlari qo‘llanildi, – dedi “Ko‘prikqurilish” aksiyadorlik jamiyati raisi Zafar Mahamatov. – Ob’ekt tarkibida uzunligi 66 metr, kengligi 46 metr bo‘lgan ko‘prik, 450 metrlik yer osti avtomobil yo‘li, ikkita ortga qayrilish yo‘lagi, to‘rtta yer osti piyodalar o‘tish yo‘lagi va 950 metrlik aylana halqa yo‘li qurildi. Shuningdek, 9,5 kilometr piyoda va veloyo‘laklar, sakkizta jamoat transporti bekati, 240 ta tashqi yoritish chirog‘i hamda 6 kilometr yo‘l to‘siqlari barpo etildi. Shuningdek, loyiha doirasida 7,5 gektar yer maydoni obodonlashtirilib, 938 dona buta va 1440 dona daraxt ekildi.
Yangi ob’ektning ishga tushirilishi natijasida yo‘nalishning kunlik o‘tkazuvchanlik quvvati bir necha barobarga oshib, 130 mingta avtotransport vositasiga yetadi. Bu esa poytaxt va Toshkent viloyati o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada yaxshilash, tirbandliklarni bartaraf etish hamda aholi uchun qulay harakatlanish sharoitini yaratishga xizmat qiladi.
Davlat rahbariga loyihaning texnik imkoniyatlari bilan bir qatorda, istiqbolda Toshkent–Nurafshon yo‘nalishida tezyurar avtobuslar tizimini (BRT) yo‘lga qo‘yish rejalari haqida ham axborot berildi. Loyihaga ko‘ra, mazkur tezyurar avtobuslar uchun yo‘l o‘rtasida maxsus alohida yo‘laklar ajratiladi. Yo‘nalish bo‘ylab iqlim nazorati tizimiga ega 9 ta yopiq bekat barpo etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ularning oraliq masofasi o‘rtacha 2,9 kilometrni tashkil etadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinmi, ushbu yangi transport bog‘lamasi shunchaki yo‘l infratuzilmasi ob’ekti emas, balki Toshkent shahri va Nurafshon o‘rtasidagi iqtisodiy va ijtimoiy ko‘prikdir. Qatnov vaqtining qisqarishi va kunlik o‘tkazuvchanlikning 130 mingta transportga yetishi aholining hayot sifatini yaxshilaydi, vaqtni tejaydi va iqtisodiy faollikni oshiradi. Kelajakda istiqbolli BRT tizimining joriy etilishi esa hududda ekologik toza va zamonaviy jamoat transporti rivojida yangi davrni boshlab beradi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Nosirjon HAYDAROV(surat),
O‘zA