Toshkent shahrida ish haqi undirish, nikohdan ajratishga oid sud ishlari ko‘paygani kuzatildi
Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Bu savolga Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi Jasur Sirojev javob berdi:
– 2026-yil birinchi choragi davomida Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan 79 mingga yaqin ish ko‘rib chiqildi. Bu respublika sudlarida ko‘rilgan ishlarning 17,2 foizini tashkil etdi.
Ko‘rilgan ishlarning 23 foizi fuqarolik ishlari, 60 foizi sud buyruqlari, 16,9 foizi materiallar, qolgani hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlari bilan bog‘liq bo‘ldi.

Sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar tahlili natijalariga ko‘ra, 2025-yilning mos davriga nisbatan ayrim toifadagi ishlar sonida o‘sish kuzatildi.
Xususan, ish haqi undirish, nikohdan ajratish haqidagi ishlar ko‘paydi. Ota-onalik huquqidan mahrum qilishga oid, ishga tiklash, fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi ishlarda ham o‘sish ko‘zga tashlandi.
Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan shikoyat (protest)lar asosida 1 ming 452 ish hal qilindi. Bu respublika yuqori instansiya sudlarida ko‘rilgan ishlarning 21,2 foizini tashkil etdi.
Ko‘rilgan shikoyat (protest)larning 750 tasi apellyatsiya, 386 tasi kassatsiya, 316 tasi taftish instansiyalari, 1 tasi esa birinchi instansiya tartibida ko‘rib chiqildi.
Apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarida shikoyat (protest)lar asosida ko‘rilgan 1 ming 135 ishning 69,3 foizi o‘zgarishsiz qoldirilgan, 9,6 foizi o‘zgartirilgan hamda 21,1 foizi bekor qilingan.
Taftish instansiyasida shikoyat (protest)lar asosida ko‘rilgan 316 ishning 88,3 foizi o‘zgarishsiz qoldirilgan, 9,2 foizi bekor qilingan hamda 2,5 foizi o‘zgartirilgan.
Nikohdan ajratish haqida 2 ming 284 fuqarolik ishi ko‘rilgan. Ko‘rilgan ishlarning 47,6 foizi qanoatlantirildi. 38,1 foizi rad qilingan bo‘lsa, 13,4 foizi ko‘rmasdan qoldirildi.
Shu davrda taraflarni o‘zaro yarashtirish choralarini ko‘rish holati 52,4 foizni tashkil etgan.
Oilalarni saqlab qolish, bolalarni sog‘lom oila bag‘rida kamol topishi uchun shahar sudi tomonidan joylarda nikoh va oila masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvlar muntazam ravishda o‘tkazilmoqda.
Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi yuzasidan eksperiment tariqasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudida “Oila sudyalari” tashkil etildi.
Maqsad oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirib, oilaviy nizolarni o‘z vaqtida va sifatli hal etilishini hamda yagona sud amaliyotini ta’minlash orqali oila mustahkamligini ta’minlashga erishish.
Sudlar tomonidan ishlarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari buzilgan holatlar bo‘yicha 351 xususiy ajrim chiqarilib, belgilangan tartibda ijro qilish uchun tegishli tashkilotlarga yuborildi. Bundan tashqari, sudlar tomonidan 377-marta huquqiy targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.
Aholidan mazkur sudlarga 1 ming 883 murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning barchasi qonuniy tartibda ko‘rib chiqildi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA