Toshkent shahrida 36 shaxs oqlangan
Toshkent shahar sudi va Toshkent shahar ma’muriy sudi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing tashkil etildi.
2021 yil birinchi choragida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudlariga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 1,5 mingga yaqin murojaat tushgan. Ularning 11 tasi qanoatlantirilgan, 5 tasi boshqa organga yuborilgan, 1 ming 274 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan.
Sud raislarining qabulida 709 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilgan. Murojaatlarning 75 tasi qanoatlantirilgan, 632 tasiga tushuntirish berilgan, 2 tasi rad qilingan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2021 yil birinchi choragi davomida jami 11 ming 505 fuqarolik ishi tamomlangan bo‘lib, tamomlangan ishlarning soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga ko‘paygan.
Tamomlangan ishlardan 9 ming 821 tasi bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarilgan. Shundan 8 ming 562 da’vo qanoatlantirilgan, 1 ming 259 da’vo rad etilgan, 210 ish tugatilgan, 1 ming 474 ariza ko‘rmasdan qoldirilgan.
Hisobot davrida ishga tiklash, ish haqi undirish, nikohdan ajratish, bola bilan ko‘rishish tartibini belgilash, uyga kiritish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki qurilmani buzish, meros, kredit va ijara shartnomasidan kelib chiqadigan nizolar ko‘paygan.
Birinchi chorakda shahar sudi apellyatsiya instansiyasida jami 430 hal qiluv qarori chiqarib, ko‘rilgan ish apellyatsiya shikoyatlari (protestlari) asosida ko‘rilib, 84 yoki jami ushbu instansiyada ko‘rilgan ishlarga nisbatan 0,7 foiz sud qarorlari bekor qilingan, 0,4 foiz sud qarorlari o‘zgartirilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudlari tomonidan 1 ming 596 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 167 jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan.
36 nafar shaxsga nisbatan oqlov qarori chiqarilgan, 312 holatda tergov organi tomonidan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarilgan.
Jinoyat oqibatida yetkazilgan 154,8 milliard so‘mdan ortiq moddiy zararning o‘rnini qoplagan 119 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
841 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan, 155 nafar shaxs sud zalida ozod qilingan. 536 nafar shaxs muddatidan ilgari jazodan ozod qilingan, 10 nafar shaxsga tayinlangan jazolar yengilrog‘i bilan almashtirilgan.
Toshkent shahar va jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudlari tomonidan 20 ming 670 nafar shaxsga nisbatan 18 ming 204 ma’muriy ish ko‘rib tamomlangan.
Ma’muriy huquqbuzarlikka tortilgan shaxslarning 12 ming 573 nafariga jarima, 162 nafariga maxsus huquqdan mahrum qilish, 3 ming 687 nafariga ma’muriy qamoq jazolari tayinlangan.
Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati hamda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudlari tomonidan 7 ming 736 ish ko‘rib chiqilgan. Shundan 18 sud buyrug‘i berilgan. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 2 ming 409 taga yoki 31,2 foizga ko‘paygan.
Toshkent shahar va tumanlararo ma’muriy sudlari tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 452 ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 245 tasi qanoatlantirilgan (119 tasi rad qilingan, 58 tasi ish yuritishdan tugatilgan, 30 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan).