Toshkent shahar hokimining shaxsiy qabulida 60 dan ortiq murojaat ko‘rib chiqildi
Toshkent shahar hokimi sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Prezident Administratsiyasi rahbari qabuliga kirishni so‘rab murojaat qilgan fuqarolarni shaxsan qabul qildi.
Qabul davomida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan 60 nafardan ortiq kishining murojaatlari tinglandi. Murojaatlar jinoyat va fuqarolik ishlari, qarzga berilgan mablag‘larni qaytarish, kreditlarni so‘ndirishdagi qiyinchiliklar, qurilishi to‘xtatilgan ob’ektlardagi xonadonlar uchun to‘lovni amalga oshirgan fuqarolarning muammolari, shuningdek, tibbiy va ijtimoiy masalalar yuzasidan bo‘ldi.
Og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayollarning murojaatlariga alohida e’tibor qaratildi va har bir so‘rov yuzaga kelgan barcha holatlar hisobga olingan holda individual tartibda ko‘rib chiqildi.

Murojaatlarning 70 foizi bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatildi. Qo‘shimcha o‘rganish va huquqiy baho berishni talab etadigan masalalar nazoratga olindi hamda har tomonlama ko‘rib chiqilib, qat’iy qonun doirasida qaror qabul qilish uchun vakolatli organlarga yuboriladi.
Qayd etilganidek, mazkur tizimli ishlarning bosh mezoni — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan «Inson qadri, uning huquq va qonuniy manfaatlari so‘zsiz ustuvor bo‘lishi kerak» degan ezgu tamoyilning amaldagi yorqin ifodasi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA