Toshkent – Nukus tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
Qoraqalpog‘istonning har bir tumanida aholi turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladigan loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Bo‘zatovda zamonaviy sanatoriy, Nukusda onkologiya va radiologiya markazi, Qo‘ng‘irotda bolalar shifoxonasi va tug‘uruqxona ishga tushirildi. Amudaryo va To‘rtko‘lda har biri 2 ming o‘rinli amfiteatr, Nukus shahrida gimnastika markazi va Konservatoriya filiali foydalanishga topshirildi.
Osiyo taraqqiyot banki bilan 384 million dollar hisobiga A-380 magistral yo‘lining Qo‘ng‘irotdan o‘tgan 240 kilometri to‘liq beton qoplamaga o‘tkazildi. Kecha yo‘lning To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniydan o‘tgan yana 92 kilometrini qurish boshlandi. Mazkur loyihaning qiymati 233 million dollar.
Natijada tranzit 1,5 karra oshadi. To‘rtko‘lga kirgan yuklar Qozog‘iston chegarasiga bir sutka o‘rniga 10 soatda yetib boradi.
Kelasi yil mart oyidan Toshkent – Nukus tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilib, safar vaqti 16 soatdan 7 soatga qisqaradi.
Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zA