Toshkent metrosida texnik nosozlik kuzatildi
Joriy yil 4-iyun kuni Toshkent metropolitenining bir nechta yo‘nalishlarida elektr ta’minoti bilan bog‘liq qisqa muddatli nosozlik yuzaga keldi. Bu shahar elektr tarmoqlaridagi yuqori kuchlanish bilan bog‘liq texnik uzilish natijasida sodir bo‘lgan.
Hodisa oqibatida “O‘zbekiston”, “Chilonzor” va “Yunusobod” yo‘nalishlaridagi ayrim bekatlar yoritish tizimi hamda poyezdlar harakatiga ta’sir ko‘rsatgan. Biroq, metropoliten xizmatlari tomonidan vaziyat tezkorlik bilan nazoratga olinib, favqulodda holatlar uchun mo‘ljallangan zaxira energiya manbalari ishga tushirildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, xavfsizlik birinchi o‘ringa qo‘yilgan bo‘lib, poyezdlar harakati doimiy nazorat ostida amalga oshirilmoqda. Elektr ta’minotini to‘liq barqarorlashtirish ustida ish olib bormoqda.
Ayni paytda metro faoliyati to‘xtatilmagan, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish davom etmoqda.
Toshkent metropolitenida vaziyat nazorat ostida bo‘lib, mutaxassislar tizimning barqaror ishlashini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA