Toshkent havosida PM zarrachalari ko‘paydi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati bu haqda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil 21-oktabrga o‘tar kechasi Toshkent shahrida havo sifati noqulay meteorologik sharoitlar ta’sirida qisqa muddatga o‘zgardi. Kechki va tungi soatlarda PM zarrachalari miqdori ortib, havo sifati qisqa muddatga Xalqaro havo sifati indeksi bo‘yicha “sezgir guruhlar uchun noqulay” darajaga yetdi. Milliy havo sifati indeksiga ko‘ra shahar o‘rtacha ko‘rsatkichi PM2.5 bo‘yicha “yashil”, PM10 bo‘yicha esa “sariq” darajada bo‘ldi.
Tunda yer yuzasiga yaqin havo qatlamida haroratning keskin pasayishi va kuchsiz shamol natijasida kuchli harorat inversiyasi shakllanib, atmosferaning quyi qatlamlarida havo almashinuvini chekladi. Natijada PM2.5 va PM10 zarrachalari yer yuzasiga yaqin qatlamda to‘planib, havo ifloslanishi tungi va tonggi soatlarda saqlanib qoldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA