Toshkent davlat yuridik universitetining 35 yilligi nishonlandi
Poytaxtimizda Toshkent davlat yuridik universiteti tashkil etilganining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Huquqiy davlat sari 35 yil. Yuridik ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar yangi taraqqiyot bosqichida” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Tadbirda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud-huquq sohasi vakillari, mamlakatimiz va xorijdagi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, taniqli huquqshunos olimlar, amaliyotchi mutaxassislar, xalqaro ekspertlar, universitet professor-o‘qituvchilari, bitiruvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Konferensiya yalpi majlisida Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Baxshillo Xo‘jayev, adliya vaziri Akbar Toshqulov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov, Buyuk Britaniyaning Grinvich universiteti kansleri Lord Pol Boateng, Roma Tre universiteti rektori Massimiliano Fioruchchi, Nagoya universiteti rektori Naoshi Sugiyama hamda Regensburg universiteti rektori Udo Hebel so‘zga chiqdi.
Tabrik so‘zlarida universitetning 35 yillik taraqqiyot yo‘li, mamlakatda yuridik ta’lim va huquqshunoslik ilm-fanini rivojlantirishdagi o‘rni, huquqiy islohotlarni malakali kadrlar va ilmiy salohiyat bilan ta’minlashdagi hissasi alohida e’tirof etildi. Zamonaviy yuridik ta’limni xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish va akademik hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Dastur doirasida yuridik ta’lim va fan rivojiga munosib hissa qo‘shgan xorijiy va mahalliy mutaxassislarga universitetning faxriy professori maqomini berish marosimi hamda TDYUUning tarixiy taraqqiyotiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyishi o‘tkazildi.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/31685]
Yalpi majlisda ta’kidlanganidek, bugungi kunda TDYUUda Prezidentimizning 2025-yil 26-noyabrdagi farmoni asosida yuridik ta’lim va ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, fakultetlar faoliyatida akademik departament, tadqiqot markazi hamda amaliyot va karera markazidan iborat yangi boshqaruv modeli shakllantirildi. Professorlar kengashi, Akademik halollik va Tadqiqot qo‘mitalari tashkil etildi. 2026 - 2030-yillarda yuridik ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan 14 tematik blok bo‘yicha 31 ustuvor yo‘nalish va 182 subyo‘nalish tasdiqlandi.
Konferensiyada yuridik kadrlar tayyorlashning zamonaviy modeli va ta’limda nazariya hamda amaliyot integratsiyasini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda 2 - 4 bosqich talabalari uchun 120 ta davlat va xususiy tashkilotda doimiy amaliyot tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Olti tashkilotda universitetning amaliy shoxobchalari faoliyat yuritmoqda, 400 nafar talabaga 70 nafar amaliyotchi-mentor biriktirilgan. Shuningdek, 20 dan ortiq “Karera kuni” va 4 ta mehnat yarmarkasi tashkil etilgan. Bitiruvchilarning qariyb 96 foizi ish bilan ta’minlangan, 2025/2026 o‘quv yili bitiruvchilarining 72 foizi esa universitetni tamomlamasdan turib dual ta’lim orqali band qilingan.
Konferensiyaning alohida sessiyasida universitetning 35 yillik tarixi, erishilgan natijalari va “TDYUU- 2030” taraqqiyot strategiyasi muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda universitetning ilmiy salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha ham sezilarli natijalarga erishildi. Tadqiqot markazlari tomonidan 60 dan ortiq qonunchilik hujjati loyihasi ilmiy ekspertizadan o‘tkazildi, Scopus bazasiga kiruvchi xalqaro ilmiy jurnallarda 71 maqola nashr etildi. 2026-yil avgust holatiga ko‘ra, 38 ilmiy himoya, jumladan, 6 DSc va 32 PhD himoyasi o‘tkazildi.
“Yuridik ta’lim va huquqiy davlat: milliy tajriba va global trendlar” yo‘nalishidagi muhokamalarda huquqiy siyosat, zamonaviy yuridik kadrlar tayyorlash, konstitutsiyaviy islohotlar, qonun ustuvorligi va zamonaviy yuristlarga qo‘yilayotgan talablar muhokama qilindi. Universitetda “Raqamli huquq” (Digital Law), “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” kabi yangi ta’lim yo‘nalishlari, magistraturada “Korporativ huquq va boshqaruv” hamda bir yillik Master of Legal Administration (MLA) dasturi joriy qilingani ma’lum qilindi.
Xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida xorijiy tadqiqotchilar va “Central Asian Legal Research Fellowship” dasturi ishtirokchilari o‘z ilmiy qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. Zamonaviy huquqshunoslik, iqtisodiyotni huquqiy tartibga solish, texnologik taraqqiyotning huquqiy oqibatlari va yuridik tadqiqot metodologiyasiga oid masalalar muhokama qilindi.
Universitetning xalqaro akademik aloqalari ham izchil kengaymoqda. 28 xorijiy hamkor universitetda akademik mobillik dasturlari e’lon qilinib, 500 ga yaqin ariza kelib tushgan va 200 nafarga yaqin talaba saralab olingan.
Xalqaro konferensiyada yoshlarning fikr va tashabbuslariga ham alohida o‘rin berildi. “Kelajak yuristlari minbari” doirasida talabalarning ilmiy ma’ruzalari tinglanib, ularning taklif va mulohazalari tahlil qilindi. TDYUU jamoalari “Jessup - 2026” xalqaro tanlovida 11-o‘rinni, “Inter-American Human Rights Moot Court Competition”da “The Best Team” va “Mario López Garelli” mukofotlarini, “K.K. Luthra” tanlovida TOP - 10 natijani hamda “MaxUp Legathon”da g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. 61 nafar talaba turli stipendiya va grantlarga sazovor bo‘lgan.
Yuridik ta’limda raqamlashtirish va sun’iy intellekt ham konferensiyaning muhim mavzularidan biri bo‘ldi. Unda raqamli huquq, sun’iy intellektdan ta’limda foydalanish imkoniyatlari va xavflari, akademik halollik, LegalTech, sud va notariat tizimlarini raqamlashtirish hamda smart-kontraktlar masalalari muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda universitetda “TSUL Professional Services”, “Huquqiy texnologiyalar va sun’iy intellekt laboratoriyasi” tashkil etilgan. Turli manbalar hisobidan 14,6 million AQSH dollari miqdorida grant mablag‘lari jalb qilingan. O‘quv jarayoniga “VR Court Room” virtual sud moduli, “Proctorio” proktoring tizimi, “Turnitin” antiplagiat tizimi va “AI baholash” moduli joriy etilgan.
Universitetning ta’lim va ilmiy faoliyatidagi o‘zgarishlar xalqaro reytinglarda ham o‘z aksini topmoqda. TDYUU “QS Stars” baholash tizimida “Teaching” va “Employability” yo‘nalishlari bo‘yicha 5 yulduzga ega bo‘ldi. Shuningdek, universitet “Times Higher Education Sustainability Impact Rankings 2026”da 401-o‘rin, “UI GreenMetric World University Rankings”da 181-o‘rin, “WURI”da 123-o‘rin va “RUR University Ranking (Teaching)”da 388-o‘rinni qayd etgan.
Mazkur xalqaro konferensiya universitetning o‘tgan davrdagi taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilish bilan bir qatorda, yuridik ta’lim, ilm-fan, qonunchilikni ilmiy ta’minlash, xalqaro hamkorlik, amaliyot, raqamli transformatsiya va huquqiy innovatsiyalar sohasidagi yangi vazifalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
N.Abduraimova,
F.Abdurasulov (surat),
O‘zA