To‘ra Bobolov harbiylarning oila a’zolari davrasida bo‘ldi
Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari To‘ra Bobolov, vohaning olis, chekka hududlarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bilan uchrashdi.
Davlat xavfsizlik xizmati, DXX chegara qo‘shinlari, IIB viloyat boshqarmalari, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshliqlari va boshqa mutasaddilar ishtirokida Muzrabot tumanidagi harbiy qismda o‘tkazilgan ana shunday tadbirda tunu kun sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlayotgan Vatanga sodiq, jasur harbiylarimizning mardonavor xizmatlari alohida e’tirof etildi. Ularning o‘z burchini sadoqat bilan bajarishida oila a’zolarining o‘rni beqiyos ekani ta’kidlanib, chegarachilarimizning mashaqqatli mehnatiga yaqin ko‘makchi bo‘layotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirildi.


Viloyat rahbari harbiy shaharchada harbiylar va ularning oila a’zolari uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi. Sport va bolalar maydonchalarini, xonadonlarni ko‘zdan kechirdi. Harbiylarning oila a’zolari doshqozonga osgan bahor taomi – sumalak pishirish jarayonini kuzatib, Vatanimizga tinchlik, fayzu baraka, dasturxonlarimizga to‘kinlik tiladi. Harbiylarning oila a’zolarini Xalqaro xotin-qizlar kuni va bahor ayyomi bilan tabriklab, qimmatbaho sovg‘alarini topshirdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar harbiylarning oilalariga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun davlatimizga cheksiz minnatdorlik bildirdi.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA