To‘qsonbosti: mo‘l hosil sirlari oshkor etildi(+video)
Kuzda ekilgan urug‘ bahorda mo‘l hosil berishi uchun nima qilish kerak? To‘qsonbosti ekinlarining o‘ziga xos sirlari bormi? Mutaxassisdan yuqori hosildorlikka erishishning muhim jihatlarini bilib oling.
To‘qsonbosti – bu qishloq xo‘jaligida kuzda, odatda sentabr yoki oktabr oylarida ekiladigan ekinlar bo‘lib, bahorda hosil beradi. Bu ekinlar asosan kech kuzda o‘stiriladi va qishning sovuq davrida tuproq ostida rivojlanadi. Bunday ekinlarni yetishtirishda juda ko‘p jihatlar ham borki, buni bilmasdan mo‘l hosil olish qiyin. Masalan, tuproqqa ishlov berish, organik o‘g‘itlar bilan to‘yintirish, ekiladigan urug‘larning sifati, sovuq tushganda qilinadigan agrotexnologiyalar, tuproqning namligini saqlash kabi omillar hosil taqdirini hal qiladi. To‘qsonbosti ekinlarini ekish sirlari yuzasidan O‘zbekiston Fermerlar Kengashi bo‘lim boshlig‘i Faxriddin Suyunov bilan suhbatlashdik.
- Faxriddin aka ayting-chi to‘qsonbosti ekinlarini ekish uchun dehqonlarimiz avvalo nimalarni bilishi kerak?
- Dehqonchilikning ilk qadami bu – to‘qsonbosti usuli bilan mahsulot ekishdan boshlanadi. Chunki, to‘qsonbosti usulida ekilgan ekinlar qish davomida yetarli namlikni olib, yetarli sovuqni olib, qorlarning tagida qolib, juda mustahkam bo‘lib erta bahorda birinchi chiqadigan mahsulot hisoblanadi. Dori ham, suv ham ko‘p talab qilmaydi. Joriy yilda respublikamiz bo‘yicha 117 ming gektardan ortiq fermerlarimiz, dehqonlarimiz dala maydonlariga, bog‘ qator oralariga to‘qsonbosti usulida mahsulotlar ekish mo‘ljallangan. Avgust-sentabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlari ekiladi. Bu yil 43.7 ming gektar fermerlarimiz dalalariga piyoz va sarimsoqpiyoz ekish mo‘ljallangan. Bu ishlar deyarli yakunlanib qoldi. Jarayon yakunlangach, sabzavotning boshqa turlari ekiladi. Asosan bular “duga” usulida parvarishlanib, erta bahorda bozorlarga chiqariladi. Qo‘shimcha isitish talab etilmaydigan o‘simlik turlari hisoblanadi.
- To‘qsonbosti ekinlarining ham o‘z agrotexnologiyasi bormi?
- Albatta, mana hozir avgust-sentabr oylarida ikki xil usulda piyoz ekiladi. Bu urug‘ usulida va tomir orttirib, ko‘chat usulida. Bu usul Surxondaryo viloyatida juda rivojlangan. (davomi videoda)
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA