Tomorqadan yaxshi daromad olishmoqda
Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida tomorqachilikda katta tajriba maktabi bor. Aksariyat mahallalar uzum, bodring, pomidor, qalampir yetishtirishga ixtisoslashgan bo‘lib, oilalar yaxshi daromad olmoqda.
“Zilol” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Dasht ko‘chasining aholisi yangi xo‘jaliklar bo‘lib, o‘z tomorqasida issiqxonalar tashkil etdi. Bir paytlar bu chekka joy dasht, suv yo‘q hudud bo‘lgan. Ayni kunlarda odamlarning mehnati bilan daromad manbai topilib, 160 ta xonadon to‘rt mavsumda bodring, pomidor yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda. Tomchilatib sug‘orishning yo‘lga qo‘yilgani katta samara bermoqda.

Bugungi kunda mahallada 3 ta uzumchilik, issiqxona yetishtirish kooperatsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Sayfiddin Mahibullayev migratsiyadan qaytgach, o‘z tomorqasida 30 million so‘m kredit olib, 2 ta issiqxona tashkil qilgan. Bahorgi mavsumda bodringdan 60 million so‘m daromad oldi, ayni kunlarda issiqxonasida pomidor yetishtirilmoqda. Undan kamida 80 million so‘m foyda olishni ko‘zlayapti.
– Mehnat bilan dasht joy ham obod bo‘larkan, – deydi u. – Dastlab bu yerga kelganimizda katta hadik bor edi. Mahalladoshlar bilan harakat qilib, uylarimizda issiqxonalarni qurdik. To‘rt mavsumda shu yerdagi ishlar bilan bandmiz, daromad ham yaxshi.

Ahrorjon Ibragimov 9 sotix joyda issiqxona qurib, bodring, pomidordan ikki marta hosil olmoqda. Shu bilan birgalikda uzum ham yetishtirmoqda.

Suhrob Rustamov esa 30 sotix joyda issiqxona tashkil qilgan bo‘lib, 15 nafar mahalla yoshlari ish bilan band. Ayni kunlarda issiqxonada pomidor yetishtirilib, ichki bozor bilan birgalikda qo‘shni davlatlarga eksport qilinyapti. Uning aytishicha bu yerdan 200 million so‘m daromad oladi.
M.Sulaymonov, O‘zA