Tomorqachi ayolning uyida seminar tashkillashtirildi
Qiziltepa tuman "Toshmachit" mahallasida yashovchi Gulnora Samiyevani mahalladoshlari har qarich yerdan foyda ola biladigan usta tomorqachi, deb bilishadi.
Hovlisining ichi-yu tashidan issiqxona qurdirib, ob-havo injiqliklarini pisand etmay, ekin-tekin qilib, el dasturxoniga mahsulot yetkazib berayotganiga ko‘pchilik havas bilan qaraydi.
Shu bois O‘zLiDeP Qiziltepa tuman Ayollar qanoti tashabbusi bilan tuman Kengashi deputati X.Soliyeva «Bir deputat yuz ayolga ko‘makchi» va «Namunali tomorqachi» loyihalari ijrosi yuzasidan o‘tkazishni mo‘ljallagan seminarni Gulnora opa xonadonida tashkillashtirdi.

O‘zLiDeP Qiziltepa tuman Kengashi «Ayollar daftari» ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlarni G.Samiyeva xonadoniga jamlab, tomorqa va issiqxonadan daromad olish sirlari bo‘yicha seminarga jalb etdi.
Seminarda ayollar namunali tomorqachidan tomorqa bilan ishlash, yerni ekin ekish davriga tayyorlash, urug‘ ko‘kartirish, niholni o‘z vaqtidan kechiktirmay ko‘chirib o‘tkazish va shunga o‘xshash tomorqachilikka kirish ilmini amaliy holda o‘rgandilar.
--O‘zLiDeP tomonidan tashkil etilgan bugungi seminar shaxsan menga ko‘p narsa berdi. Gulnora opaning hovli ichidan ikkitalab 4 sotixlik, tashqaridan 2 sotixlik issiqxona qurdirib, tomorqadan daromad ko‘rayotgani menga ham turtki bo‘ldi. Kredit olib bo‘lsa ham, albatta, xonadonimda issiqxona tashkillashtiraman, degan to‘xtamga keldim, – deydi shu mahallada yashovchi Zebo Davronova.
Tadbir davomida «Toshmachit» mahallasidagi faol xotin-qizlar tomonidan har bir mahalla qoshida «Ayollar qanoti»ning «O‘zLiDeP faoli – islohotlar targ‘ibotchisi» klubini ochish loyihasini qo‘llab-quvvatlandi va 20 nafar faol xotin-qizlardan iborat targ‘ibotchilar klubi tashkil etildi. Klub rahbari etib seminar tashabbuskori--Xalq deputatlari Qiziltepa tuman deputati X.Soliyeva saylandi.

Tadbir yakunida «Ayollar daftari»ga kirgan S.Tosheva. Z. Davronova, B.Muxammedova, F.Xalimova va S. Shonazarovalar oilaviy tadbirkorlik qilish maqsadida kredit olish istagini bildirdi. To‘rt nafar ayolning tadbirkorlikka ishtiyoqi hisobga olinib, shu joyning o‘ziga «Milliy bank» ATB tuman bo‘limi mas’ul xodimi chaqirtirildi va kredit olish tartibi bo‘yicha ham batafsil tushuncha berildi.
O‘zLiDeP Navoiy viloyat matbuot xizmati