Tomorqa to‘rt faslda ham daromad keltiradi
Bugungi kunda Buxoro viloyatida aholi soni jihatidan ham peshqadam bo‘lgan G‘ijduvon tumanida kambag‘allikni qisqartirish borasida ko‘plab manzilli dasturlar ishlab chiqilgan. Hudud sanoat va ishlab chiqarish sohasida yetakchi bo‘lgani bois, ko‘pchilik tadbirkorlik qilib, o‘z daromadini oshirib kelmoqda.
G‘ijduvonliklar tomorqa yerdan unumli foydalanib, katta hosil ko‘tarayotgan namunali oilalar berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, yuqori natijalarga erishmoqda. Shamshod Ravshanov o‘z issiqxonasidan unumli foydalanayotgan oilalar sirasiga kiradi.
– Ikki yildan beri oilaviy biznes bo‘yicha xalqimizning dasturxoniga sifatli mahsulotlar chiqarishga harakat qilamiz, – deydi tomorqa egasi Shamshod Ravshanov. – Maqsadim issiqxonani kengaytirib, gidroponika usulida shirin qulupnay yetkazishdir. Yoz oyida malina hosilini yetkazishni ham rejalashtirganmiz. Bu ishlarni bajarish qiyin emas harakat qilsa bularni hammasini uddalasa bo‘ladi. Buning uchun barcha imkoniyat yaratib berilgan.
Zarafshon mahallasida 2022-2025 yillar davomida 127 nafar fuqarolarga 21 gektar yer ajratildi. Hozirda ham 3 gektar maydonga namunali issiqxonalar tashkil etilishi ortidan aholi yiliga uch martagacha hosil olishni ko‘zlamoqda. Jumladan, Orzigul Rahmatovaning tajribasini ommalashtirishga ham e’tibor qaratilmoqda.
– Issiqxonamizda 20 ta limon ko‘chati bor, – deydi tomorqa egasi Orzigul Rahmatova. – Mehnatimiz ortidan uylar qurdik, nabiralarimni o‘qityapman. Issiqxonadan hozirgi kunda 50 millionga yaqin daromad oldik. Kelgusida issiqxonani kengaytirishni rejalashtiryapmiz. Ayni kunda 4 kishi ish bilan ta’minlangan.
– Bugungi kunda ishsiz, kam daromadli va yoshlarga 21 gektar yer ajratildi, – deydi G‘ijduvon tumani hokimining “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi yordamchisi Adizjon Nutfullayev. – Kelgusida aholini daromadli qilish maqsadida aniq chora-tadbirlarni belgilab oldik. Masalan, 20 sotiq yerdan uch marta hosil olsa bo‘ladi. Fevral oyida rediska, ko‘kat ekib, o‘rtacha 10-20 milliongacha daromad olsa bo‘ladi. Ikkinchi hosilida bodring ekiladi. Bundan o‘rtacha 25-30 milliongacha daromad bor. Kuzda bodring yoki rediska ekib o‘rtacha 25-30 milliongacha daromad olsa bo‘ladi.
Aholi bandligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha joriy yilda Gulistonobod mahallasida ham “loyihaviy yondashuv” asosida yangicha ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shu vaqtga qadar amalga oshirilgan ishlar natijasida hududda kambag‘allik darajasi 4.3 foizga, ishsizlik esa 3 foizga yetkazildi. Birgina o‘tgan yili qishloq xo‘jaligi sohasida 10 ta loyiha uchun 300 million so‘mdan moliyalashtirilishi natijasida yangidan 120 ta ishchi o‘rni yaratildi. Hozirda G‘ijduvon tumanidagi ushbu hududga “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi mahalla maqomi berilgan bo‘lib, xalqaro moliya tashkilotlari va davlat byudjeti tomonidan ajratiladigan 28 milliard so‘m mablag‘ evaziga ijtimoiy infratuzilma qatori qishloq xo‘jaligi sohasini ham jadal rivojlantirish nazarda tutilgan.
Oqgul mahallasida ham amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami nihoyatda keng. Asosan to‘qsonbosti mahsulotlar yetishtirilib, nafaqat tuman, balki viloyat bozorlarini to‘ldirib kelayotgan hudud mirishkorlari shunga yarasha yuqori daromadga ham ega bo‘lmoqda. Hududda 272 ta xonadon, ya’ni 40 foizga yaqin qismi “Bir kontur bir mahsulot tamoyili” asosida ish olib bormoqda. 72 nafar fuqaroga ajratilgan 18 gektar yerdan oilalar kami 75-80 million so‘mgacha daromad qilishga erishdi.
Xuddi shunday misollarni Jondor tumani mahallarida ham ko‘plab keltirish mumkin. Mamlakatimiz miqyosida kambag‘allikni qisqartirish va odamlarning turmush darajasini yanada yaxshilash umummilliy harakatga aylangan ayni chog‘da yer egalarining zamonaviy yondashuvlariga ko‘p narsa bog‘liq. Shu ma’noda, yer tilini, qishloq xo‘jaligi ilmini puxta egallagan Fazliddin Obidovning izlanishlari tahsinga loyiq.
– Bir gektarlik issiqxonamiz mavjud, – deydi issiqxona egasi Fazliddin Obidov. – Issiqxonaga bodringning “Orzu” navini ekkanmiz va hozirda mahsulotni bozorga olib chiqishni boshladik. 15-20 nafar yollanma ishchimiz bor. Bular ham o‘z vaqtida maosh olib turibdi. Bodringni yig‘ib bo‘lgandan so‘ng, baqlajon ekishni rejala qilganmiz.
[gallery-27324]
Yer, ona zamin, bu – ilohiy ne’mat. U bilan tillasha olgan, undan mehrini ayamagan insonning xonadoni, shubhasiz, fayzga to‘ladi. Shu ma’noda aytganda, tumandagi Po‘loti mahallasiga qarashli Iftixor qishlog‘ida yashovchi Og‘abek Ostonov issiqxona sharoitida qulupnay yetishtirish sirlarini puxta egallagan. Yosh bo‘lishiga qaramay qishloq xo‘jaligi ilmini puxta egallagan Og‘abekning qulupnay yetishtirishdagi tajribasini tuman fermerlar kengashi vakillari hudud miqyosida keng tatbiq etishga harakat qilmoqda. Bu esa kelgusida bozorlarni arzon, dasturxonlarni to‘kin qilishi aniq.
Tumandagi Darveshi mahallasiga qarashli Darveshi qishlog‘ida shaxsiy ekin maydonini xazinaga aylantirgan oilalar ko‘plab topiladi. Jumladan, Sadriddin Sayfiyev xonadonida bir emas 4 ta ixcham issiqxonada to‘rt fasl oziq-ovqat mahsulotlari va sabzavot hamda pomidor ko‘chatlari yetishtiriladi. Xonadon egasi, asli kasbi shifokor bo‘lgan Sadriddin Sayfiyev issiqxonada mahsulot yetishtirish hadisini olgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Zahmatkash inson farzandlarini qanotiga olib, yerga mehr berib, undan saxovat ko‘rmoqda.
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan aniq va muayyan chora tadbirlarning yuqori natijadorligini keltirilgan misollardan ham anglash qiyin emas. Shunga asosan, Buxoro vohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning ahamiyati beqiyos. Bu boradagi ezgu va xayrli ishlar esa davom etmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.