Tomorqa – to‘kin turmush, baxtli hayot garovi
Angor tumanida Davlat Xo‘jayorov, degan birodarimiz yashaydi. Polvonsifat bu kishini Surxondaryodan tashqarida ham ko‘pchilik yaxshi taniydi. Ayni paytda tumandagi Yuqori Tallimaron mahallasi raisi. Kirishimli, ko‘ngli ochiq, dilkash inson.
Suhbatlashsangiz bahri-dilingizni ochadi. Yurtning kuragi yerga tegmagan polvonlariyu, iste’dodli ijodkorlarining, zahmatkash dehqonlarining yutug‘idan faxr hissini tuyib yashashi rais boboning qiziqarli gurunglarida ham sezilib turadi.
Adashmasam o‘tgan yil yoz fasli edi. Termiz shahrida uchrashib, birpas turli mavzularda suhbatlashdik. Gap aylanib, odamlarning turmush tarzi o‘zgarayotganiyu, qishloqlarda dehqonchilikning yaxshi daromad manbai bo‘lib qolayotganiga borib taqaldi.

– Mahallamizda besh yuz saksondan ortiq xonadon bor, – dedi Davlat Xo‘jayorov. – Ularning aksariyati tomorqasidan yiliga ikki-uch marta hosil yetishtirishning hadisini olgan. Pomidor, bodring, karam kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini parvarishlab, mo‘l hosil olmoqda. Mahallamizga kelsangiz birgina karamning o‘ndan ortiq turini uchratasiz. Ishonavering, o‘zi Angorda oziq-ovqat ekinlari parvarishlashda bizdan o‘tadigani yo‘q, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
– Ilg‘or, Bahor mahallalaridan ham o‘zib ketdilaringizmi-yey?
– Ha, endi shunday desa ham bo‘ladi. Tomorqangizda issiqxona bo‘lsa, mehnatidan erinmasangiz koni foyda ekan. Bizning xalqimiz mehnatdan qochmaydi. Yer bilan tillashib ishlaydi. Qo‘sha mashina, yangi uy-joy, to‘kin to‘ylar tomorqadagi yil bo‘yi qilingan mehnatning mevasi.

– Xomkon mahallasida ham issiqxona qurib, tomorqadan qishin-yozin unumli foydalanishga qiziqish oshayotgani kuzatilmoqda, shekilli?
– Bu mahalladayam issiqxonalar bor. Biroq, bizdagidek ko‘p emas.
Gurungimiz endi qiziyotganida rais boboning qo‘l telefoni jiringlab qoldi. Mahalladan kimdir chiqib, muammosini aytdi, shekilli, ancha suhbatlashdi. Keyin uzr so‘rab, biz bilan xayrlashdi.
Davlat Xo‘jayorov mahallasi misolida odamlarning tinch, to‘kin yashayotganini aytib berganida chuqur ma’no bor. Zero, Angor tumanida yilning to‘rt faslida ham oziq-ovqat ekinlari yetishtirilib, undan salmoqli daromad olayotgan xonadonlar safi yil sayin kengayib bormoqda. Hududlarda pishib-yetilayotgan ertagi mahsulotlarning mahalliy bozordan ortgan qismi xorijga eksport qilinayotir. Tomorqalardan Yaponiyaning daykonlariyu, o‘zimizning xushta’m pomidor, bodring, karam, turli ko‘katlar va xorijning rukolasigacha topishingiz mumkin.

Mamlakatimizda tomorqadan oqilona foydalanishga qaratilayotgan e’tibor tumandagi Xomkon mahallasida ham har qarich yer Yuqori Tallimaronnikidan kam hosil bermasligini amalda ko‘rsatmoqda. Issiqxona barpo etib, qishin-yozin dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan xonadonlar qo‘shnilariga qaraganda to‘kinroq turmush kechirmoqda. Masalan, shu mahallada yashaydigan Kamol Normatov tomorqasining 10 sotixida issiqxona tashkil etgan. O‘tgan yil ertagi pomidor parvarishlab, mo‘l hosil oldi. Yil davomida 150 million so‘m atrofida daromad topdi.
– Hokim yordamchisining tavsiyasi bilan kredit olib, shu issiqxonani qurdik, – deydi Kamol Normatov. – Tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘ydik. Pomidor ko‘chatlariga oila a’zolarimiz bilan mehr berib, ishladik. Yaxshi daromadga ega bo‘ldik. Hozir yana to‘rt ming tup pomidor ko‘chatini parvarishlayapmiz. Bu yil ertagi mahsulotimiz o‘tgan yilgidan ham ko‘proq hosil berishini cho‘tlayapmiz. Halol mehnatimiz ortidan kam bo‘lmayapmiz.

Mahallada yuzga yaqin oila o‘z tomorqasida issiqxona barpo etgan. O‘tgan yili ularning safiga qo‘shilgan Gulshodat Ulug‘berdiyeva ham kaftdek yerda mehnat qilib, salmoqli daromad topishni isbotladi.
– Ekinlarni parvarishlashda turmush o‘rtog‘im ham yaqindan yordam berayotir, – deydi Gulshodat Ulug‘berdiyeva. – 15 sotix tomorqamizning 8 sotixiga issiqxona qurganmiz. Bu yil rukola ekkan edik. Hozir uning bir kilosini 75 ming so‘mgacha sotyapmiz. Issiqxonachilik biz uchun yangi kasb. Shuningdek, chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik bilan ham shug‘ullanib, daromad topamiz. Ana shu mehnatimiz evaziga oilamiz farovon, ro‘zg‘orimiz but. Yurtimiz tinch, bozorlarimiz to‘kin. Axir, hozirgi zamonda oila uchun bundan boshqa baxt bo‘lmasa kerak.
Surxon vohasi qishloqlarini kezsangiz, tomorqada halol mehnat qilib, obod va farovon turmush kechirayotgan oilalarning osoyishta Vatan, mo‘’tadil ob-havo va unumdor tuproqqa, rizq-nasibasi butligiga shukrona aytib, to‘kin yashayotganidan bahri-dilingiz ochiladi. Qishin-yozin bozorlarimiz rastalarini bezab turadigan turli tabiiy oziq-ovqat mahsulotlarining dasturxonlarimiz obodligini ta’minlayotganidan faxr hissini tuyasiz.
Aslida ham bugungi globallashuv va sayyoramizning turli hududlarida yuz berayotgan qurolli mojarolar, qarama-qarshiliklar davrida inson uchun fayzli dasturxon atrofida xotirjam suhbat qurishdan, ezgu orzu-niyatlar, ulug‘vor rejalar og‘ushida yashashdan ortiq baxt bormi?
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri