Tomorqa egalari uchun qulaylik
Prezidentimiz rahnamoligida dehqon xo‘jaliklari va aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda, ularga qulay imkoniyatlar yaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida dehqon xo‘jaliklari va aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda, ularga qulay imkoniyatlar yaratilmoqda.«O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi ham bu borada muayyan ishlarni amalga oshirmoqda. Kompaniya O‘zbekiston sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi bilan hamkorlikda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalariga ajratiladigan kreditlarning qaytmaslik xavfini sug‘urta qilish maqsadida «Kreditni sug‘urtalash» sug‘urta mahsulotini amaliyotga tatbiq etdi.
Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari tijorat banklaridan kredit olayotganida ularda garov ta’minoti yoki kafillik mavjud bo‘lmagan hollarda ushbu sug‘urta mahsulotidan foydalanish tavsiya etilmoqda. Agar tomorqa egasi 10 million so‘m sarmoya olsa, uning 8 millioni uchun kredit qaytmaslik xavfidan sug‘urtalash bo‘yicha «O‘zbekinvest» kompaniyasi tijorat bankiga sug‘urta polisi beradi.
– Ushbu sug‘urta turi bo‘yicha bir qator sug‘urta kompaniyalari o‘rtasida sug‘urta sherikchiligi tashkil etilgan, – deydi kompaniyaning matbuot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov. – Sug‘urta sherikchiligiga muvofiq dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalariga zarar yetganda, ular tegishli hujjatlarni lider, ya’ni sug‘urta shartnomasi tuzgan kompaniyaga taqdim etadi. Sug‘urta hodisasi tan olingandan so‘ng besh kalendar kuni ichida sug‘urtalovchi ko‘rsatgan sug‘urta tovoni miqdori to‘g‘risida dalolatnoma tuziladi. So‘ngra sug‘urta sherikchiligi bo‘yicha uning a’zolariga sug‘urta qoplamasini to‘lash bo‘yicha axborot beriladi. Sug‘urta qoplamasi sug‘urta hodisasi to‘g‘risidagi dalolatnoma tuzilgandan so‘ng o‘n kun ichida zarar ko‘rgan tijorat bankiga to‘lab beriladi.
«O‘zbekinvest» kompaniyasida hozirga qadar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar faoliyatini, ularning mulk manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ko‘plab sug‘urta mahsulotlari ishlab chiqilgan. «Meva-sabzavot, qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini tashishni sug‘urtalash», «Muzlatgich kamerada saqlanayotgan mol-mulkni sug‘urtalash», qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini avtotransportda tashish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarni himoyalash uchun «Avtotashuvchilarning kasb javobgarligini sug‘urtalash» kabi sug‘urta mahsulotlari shular jumlasidandir.
Kompaniyaning moliyaviy barqarorligi sug‘urta qoplamalarini o‘z vaqtida to‘lash va mijozlarni sug‘urta himoyasi bilan ta’minlashni samarali amalga oshirish imkonini bermoqda.