Tomorqa — daromad va taraqqiyot manbai
Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosi amalda
Bugun mamlakatimizda hududlar iqtisodiyotini “o‘sish nuqtalari” asosida rivojlantirish, aholi bandligi va daromadini oshirish, ayniqsa, tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish masalasi davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Bu borada qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar joylarda amaliy natijalar berib, qishloqlarda yangi iqtisodiy muhit shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-martda qabul qilingan “Aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklari yer maydonlaridan samarali foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu yo‘nalishda mutlaqo yangi tizimni joriy etdi. Mazkur qarorda aholi tomorqalari va ijara yerlarini xatlovdan o‘tkazish, “bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida serdaromad ekinlar ekish, resurs tejamkor texnologiyalarni kengaytirish hamda mahallalar kesimida drayver loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida olib borilayotgan ishlar mazkur qaror ijrosining amaldagi ifodasi sifatida e’tiborga loyiq. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligining Jizzax viloyati filiali boshlig‘i Asilbek Ergashev hamda tuman hokimi Azizbek Ergashev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan hudud iqtisodiyotiga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydigan drayver loyihalar atroflicha o‘rganildi.
Ayniqsa, “Gulbuloq” mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilingani aholi uchun qulay va zamonaviy infratuzilma yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarning izchil tus olganini ko‘rsatdi. Master-reja asosida hududni kompleks rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlari uchun yangi imkoniyatlar yaratish, xizmat ko‘rsatish va savdo nuqtalarini kengaytirish orqali mahallaning iqtisodiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan aholi xonadonlari, tomorqa va ijara yer maydonlarida ekilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining holati ham chuqur tahlil qilindi. Yerdan oqilona va unumli foydalanish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, har qarich yerdan yuqori daromad olish masalalari yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Mutasaddilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini yil davomida barqaror saqlash, mavsumiy omillarning ichki bozorga ta’sirini yumshatish maqsadida bahorgi va takroriy ekish ishlarini tizimli tashkil etish zarurligi alohida ta’kidlandi. Xususan, ozuqabop va eksportbop serdaromad ekinlar ekilishini kengaytirish, aholini sifatli urug‘ va ko‘chat bilan ta’minlash, har bir tomorqani daromad manbaiga aylantirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun tomorqa yerlaridan samarali foydalanish nafaqat oilalar daromadini oshirish, balki ichki bozorda narx-navoni barqaror saqlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq aholisining iqtisodiy faolligini kuchaytirishda ham muhim omilga aylanmoqda. Baxmal tumanida amalga oshirilayotgan bunday amaliy ishlar esa davlatimiz rahbari belgilab bergan islohotlarning joylardagi hayotiy natijasini yaqqol namoyon etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri