Tomas Tuxel: men Jon Stounsga qattiq ishonaman
Bizda o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishga imkon bor va o‘sha uchrashuvlarda Stouns o‘zining nimalarga qodir ekanini barchangizga isbotlaydi.
Angliya milliy terma jamoasi ustozi Tomas Tuxel Jon Stouns borasidagi savollarga javob berdi.
"Jon Stouns mening jamoamda katta ro‘l o‘ynaydi. Aks holda uni tarkibga kiritmagan bo‘lardim. Men uni jamoada ko‘rganimdan xursandman va unga qattiq ishonaman. O‘ylaymanki, Jon jahon darajasidagi futbolchi, ajoyib inson va g‘alabalar tajribasiga ega futbolchi. U g‘olib bo‘lish madaniyatiga qanday moslashishni juda yaxshi biladi. Uning maydonni ko‘ra bilish qobiliyati ham yuqori klassda. Jon hali ham yuqori darajadagi futbolchi va harakatlari bunga misol bo‘la oladi. Yaxshi xabar u terma jamoa bilan mundialga boradi. Yomon xabar esa u joriy mavsumda ko‘p o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadi. Ammo biz mundialdagi ilk o‘yinimiz kech boshlanishidan maksimal darajada foyda olamiz. Ilk o‘yinimizgacha hali 4 hafta bor. Bizda o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazishga imkon bor va o‘sha uchrashuvlarda Stouns o‘zining nimalarga qodir ekanini barchangizga isbotlaydi", - dedi Tuxel.
Eslatib o‘tamiz, Angliya terma jamoasi mundialning guruh bosqichida Xorvatiya, Gana va Panama terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.