To‘lov madaniyati qachon yuksaladi?
Mamlakatimiz iqtisodiyot tarmoqlarida bir yilda o‘rtacha 56–57 milliard m3 miqdorida suvdan foydalaniladi. 2,2 milliard m3 ichimlik suv ishlab chiqarish maqsadlariga sarflanadi.
“O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan iste’molchilarning to‘lov madaniyatini shakllantirish va sohani integratsiya qilish jarayonlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda shu haqida haqida so‘z bordi.
Ta’kidlanishicha, “O‘zsuvta’minot” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan 2022 yilda 1 million 728 ming m3 yoki o‘rtacha kuniga 4 734 ming m3 ichimlik suv ishlab chiqilgan. Ushbu hajmlar 2021 yilda – 1 628 mln m3, 2020 yilda – 1 608 mln m3, 2019 yilda – 1 588 mln m3, 2018 yilda – 1 553 mln m3 tashkil etgan. 2017-2023 yillarda jami 5 870 ta ob’ektda qurilish ishlari olib borilgan. 31 837,5 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilib, rekonstruksiya qilingan. Ushbu ishlar natijasida 11,8 million aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanib, 6,6 million aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlangan.
[gallery-13603]
Respublika aholisini 2030 yilda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 90 foizga yetkazish borasida hududlar kesimida loyiha takliflari ishlab chiqilmoqda. Bunda, nafaqat yangi inshootlar quriladi, balki eski inshootlar ham qayta tiklanadi. Jumladan, 2023-2030 yillarda respublika bo‘yicha qariyb 50 ming kilometrdan ziyod ichimlik suv tarmoqlari hamda 2 ming dona inshootlarning qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilmoqda.
Markazlashgan ichimlik suvining tannarxi bilan o‘rnatilgan tariflar orasida tafovut qanday?
Prezidentining 2020 yil 25 sentyabrdagi farmoniga asosan ichimlik va oqova suv xizmatlari uchun tariflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorlari bilan tasdiqlanadi. Tariflar hududlarning geografik joylashuvi, suv manbalaridan aholi punktlarigacha bo‘lgan masofa, elektr energiyasi sarfi, suv manbalarining loyqa-tiniqligi, chuchuk va sho‘rligi, qattiqlik darajasiga qarab qayta ishlash va boshqa xarajatlardan kelib chiqqan holda hududlar kesimida turlicha belgilanadi.
Ma’lumot sifatida, respublikada 1 m3 ichimlik suvining eng arzon narxi Toshkent shahrida 400 so‘mni, eng baland narxi Navoiy viloyatida 3 000 so‘mni tashkil etadi. Bugungi kunda 1 m3 ichimlik suvini ishlab chiqarish o‘rtacha tannarxi 1 681 so‘mni tashkil etadi.
Misol uchun:
• Qoraqalpog‘istonda ichimlik suvi narxi ishlab chiqarish tannarxiga nisbatan 1,7 barobarga kam (suv narxi – 1 850 so‘m, ishlab chiqarish tannarxi – 3 221 so‘m);
• Sirdaryo viloyatida ichimlik suv narxi ishlab chiqarish tannarxiga nisbatan 1,9 barobarga kam (suv narxi – 1 250 so‘m, ishlab chiqarish tannarxi – 2 374 so‘m);
Ma’lumot sifatida, 1 metr kub ichimlik suv tarif xarajatlarida elektr energiya xarajatlari 27 foizni, mukammal va joriy ta’mirlash xarajatlari 19 foizni, xorijiy moliya tashkilotlarining jalb etilgan kreditlarini qaytarish xarajatlari 21 foizni, ish haqi xarajatlari 29 foizni, amortizatsiya va boshqa xarajatlari 4 foizni tashkil etadi.
– Bugungi kunda suv ta’minoti korxonalari tomonidan 4,6 million iste’molchiga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda, – dedi “O‘zsuvta’minot” AJ bo‘lim boshlig‘i Shahboz Sarmanov. – Iste’molchilarning 2,5 million yoki 55 foizida ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik mavjud. Qayd etish o‘rinliki Respublika bo‘yicha jami iste’molchilarning ichimlik va oqova suv xizmatlaridan debitor qarzdorligi 1 trillion 400 milliard so‘mga yaqinlashmoqda. Bugungi kunda yuqori qarzdorlikka ega iste’molchilar bilan ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularga ogohlantirish xatlari yuborilgan holda tarmoqdan uzishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilmoqda.
Nilufar Bozorova,
Oybek Pardayev (surat) O‘zA