Tokio olimpiadasining medallari taqdim etildi
Xabar berganimizdek, bugun Tokio-2020 olimpiadasi boshlanishiga roppa-rosa bir yil vaqt qoldi.
Xabar berganimizdek, bugun Tokio-2020 olimpiadasi boshlanishiga roppa-rosa bir yil vaqt qoldi. Shu munosabat bilan Yaponiya poytaxtida ushbu sanaga bagʻishlab katta tadbir tashkil etildi, deb xabar beradi MOQ rasmiy sayti.
Unda olimpiada oʻyinlari tashkilotchilari boʻlajak musobaqaga qanday tayyorgarlik koʻrilayotgani, amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtishdi. Faxriy mehmonlar qatorida Tokioga tashrif buyurgan Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Tomas Bax ham tashkiliy qoʻmitaning tayyorgarligini yuqori baholadi.
Shuningdek, tadbir davomida Tokio-2020 olimpiadasi medallarining taqdimoti ham oʻtkazildi.
Olimpiya oʻyinlarining medallari bir qarashda sayqallanib nur taratayotgan toshni eslatadi. Tashkilotchilar maʼlum qilishicha, ularning dizayni sportda raqobatlashayotgan, joʻshib ishlayotgan odamlarni ifodalaydi. Taralayotgan nur esa bir-birlarining qoʻllarini ushlab turgan butun dunyo odamlari va ularda aks etgan iliq doʻstlikni anglatadi.
Medallarning diametri 85 mm.ni tashkil qilib, oltin medalning vazni 556 gramm, kumush medal 550 gramm hamda bronza medali 450 grammdan iborat.
Tokio olimpiadasining oltin medali sof oltindan yasalmagan, uni tayyorlash uchun kumush medalning ustiga 6 gramm oltin eritmasi quyiladi. Kumush medal sof kumushdan, bronza medali esa mis va rux moddalari qoʻshilmasidan tayyorlanadi.
Medallarning dizayni yaponiyalik Junichi Kavanishi tomonidan ishlab chiqilgan.