Tojikiston Parlamenti delegatsiyasi Buxoroning tarixiy obidalari bilan tanişdi
Tojikiston Respublikasi Majlisi Oli Majlisi Milliy Majlisi Raisi Rustami Emomali boşçiligidagi delegatsiya Buxoro viloyatiga taşrif buyurdi.
Buxoro xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Özbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinçi örinbosari Sodiq Safoyev, Toşkent şahar hokimi Şavkat Umrzoqov hamda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov kutib oldi.
Taşrif doirasida delegatsiya aʼzolari qadimiy Buxoroning boy tarixi, betakror meʼmorçilik anʼanalari va boy madaniy merosi bilan yaqindan tanişdi.
Dastlab mehmonlar Markaziy Osiyo meʼmorçiligining noyob durdonalaridan biri bölgan Ismoil Somoniy maqbarasi hamda köp asrlar davomida davlat boşqaruvi va hukmdorlar qarorgohi vazifasini bajargan Ark qalʼasida böldi.
Uşbu tarixiy obidalar Buxoroning nafaqat ötmişi, balki mintaqa sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan muhim örnini ham namoyon etadi. Ayniqsa, IX-X asrlarga oid meʼmoriy sanʼat anʼanalarini özida mujassam etgan Ismoil Somoniy maqbarasi va asrlar davomida şahar hayotining siyosiy-maʼmuriy markazi bölib kelgan Ark qalʼasi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Şundan söng delegatsiya aʼzolari Buxoroning eng maşhur tarixiy-meʼmoriy majmualaridan biri – Poyi Kalon ansambliga taşrif buyurdi. Kalon minorasi, Kalon masjidi va Mir Arab madrasasining öziga xos meʼmoriy yeçimi, muhtaşamligi hamda tarixiy ahamiyati mehmonlarni qiziqtirdi.
Mehmonlar, şuningdek, qadimiy şaharning betakror göşalaridan biri – Labi Hovuz ansamblida böldi. Bu yerda ularga Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohining meʼmoriy xususiyatlari, majmuaning şakllaniş tarixi haqida maʼlumot berildi.
[gallery-32362]
Labi Hovuzning asrlar oşa saqlanib kelayotgan şarqona muhiti, tarixiy obidalar va bugungi şahar hayoti uyğunligi delegatsiya aʼzolarida iliq taassurot uyğotdi.
Taʼkidlaş joizki, Özbekiston va Tojikiston örtasidagi yaxşi qöşniçilik, strategik şeriklik va döstona munosabatlarni mustahkamlaşda parlamentlararo muloqot ham muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyev taşabbusi bilan sönggi yillarda ikki davlat örtasidagi köp qirrali hamkorlik yangi bosqiçga kötarilib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va hududlararo aloqalar izçil rivojlanmoqda.
Bunday taşriflar esa xalqlarimizning muştarak tarixiy ildizlari, yaqin madaniy qadriyatlari va döstlik anʼanalarini yanada mustahkamlaş, özaro işonç va hamjihatlikni yuksaltirişga xizmat qiladi. Zero, Buxoro kabi asrlar davomida ilm-fan, maʼrifat va madaniyat markazi bölib kelgan şaharlar ikki xalqni boğlab turuvçi umumiy tarixiy-maʼnaviy köprikdir.
Şu bilan Tojikiston Respublikasi Majlisi Oli Majlisi Milliy Majlisi Raisi Rustami Emomali boşçiligidagi delegatsiyaning Özbekistonga taşrifi yakunlandi. Mehmonlar Buxoro xalqaro aeroportidan Duşanbe şahriga jönab ketdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
ÖzA muxbirlari