Tojik – o‘zbek – bir nuqtada tutashgan ildiz
Tojik va o‘zbek xalqlarining tub qardosh xalq ekanligi bolaligimizdanoq ongimizga singib ketgan.
Qarindosh-urug‘chilik aloqalari necha ming yillarga borib taqaladi. Bu ikki xalqning mintaqada tinch-totuv yashashi, uzviy hamkorligi qanchalik mustahkam bo‘lsa mamlakatlarimiz yanada rivoj topadi. Shu bois mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Tojikistonga qilgan rasmiy tashrifi asnosida strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilayotganligini yaqqol anglash mumkin.
Rasmiy tashrif doirasida ikki mamlakat rahbarlarining samimiy do‘stligi aks etgan lavhalar menda katta taassurot uyg‘otdi. Qiziqarli kechgan uchrashuvning har bir daqiqasini ishtiyoq va qiziqish bilan kuzatdim. Tojik birodarlarimizning o‘zbek xalqiga ehtiromi yuksakligini ularning ochiq chehra, tabassumlari-yu mehmonnavozligidan his qilish mumkin.
Tarixiy ildizlarimiz bir nuqtaga borib taqaladigan makondagi tub o‘zgarishlar, yangilanishlar, tojik xalqining mehnatsevarligi asosida bunyod bo‘lgan osori atiqalar, hunarmandchilik, dehqonchilik, bog‘dorchilik namunalari kishi ko‘zini quvnatibgina qolmay, zahmatkash xalqiga tasannolar aytishga arziydi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport sohasidagi va hududlar o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish, energetika yo‘nalishidagi salohiyatni samarali ishga solish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalari O‘zbekiston va Tojikiston xalqi oldida turgan muhim vazifadir.
Tashrif doirasida imzolangan muhim hujjat – Qo‘shma bayonot mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori bosqichga olib chiqishiga ishonaman.
Mehriniso BOBONAZAROVA,
O‘zbekiston «Adolat» SDP
Toshkent shahar Kengashi
matbuot kotibi