Tog‘li qishloqning qadimiy taomlari (+video)
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining tog‘li hududlarida joylashgan Sarchashma qishlog‘ining so‘lim tabiati, dehqonchiligi, bog‘dorchiligi haqida ko‘p bora hikoya qilganmiz. Bu gal oppoq qor qoplagan, ajib sukunatga cho‘mgan tog‘li qishloq aholisining turmush tarzi, qishki yumushlari, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy taomlari haqida hikoya qilmoqchimiz.
Tog‘larga qor tushishi bilan bog‘u rog‘larda ishlar tugaydi. Bunday uzoq davom etadigan qish kunlarida sarchashmalik erkaklar hunarmandchilik, temirchilik bilan shug‘ullanadi.
Masalan, shu qishloqlik usta Raxmiddin Fatxullayev yong‘oq daraxtidan turli xil yog‘och qoshiq va cho‘michlar yasaydi. Bunday turdagi mahsulotlar o‘zining sifati va ekologik tozaligi bilan ajralib turadi.
– Bu hunar ota-bobomizdan meros, – deydi Raxmiddin Fatxullayev. – Otam ham duradgor bo‘lgan. O‘zim salkam 50 yildan buyon shu hunar bilan shug‘ullanaman. Bahor, yozda dehqonchilik, qishda hunarmandchilik qilaman. Yong‘oq daraxtidan cho‘mich, qoshiq, kosa kabi uy-ro‘zg‘or buyumlarini yasayman. Hozirgacha xaridori bor. Nega desangiz birinchidan bunday taxta qoshiqlar zanglamaydi, og‘izni kuydirmaydi, uzoq yil turadi, ekologik toza. Uyimda yuz yillik yog‘och qoshiq va cho‘michlar bor. Haligacha ishlatiladi.
Tog‘lik ayollar esa qish kunlari tikuvchilik, to‘quvchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi. Shu qishloqlik Feruza Eshonqulova oddiy tog‘ qizi. Tikuvchilikka bolaligidan havasmand bo‘lgan qiz kasb-hunar maktabini tamomlagach, ish boshlash uchun tikuv mashinasiga ehtiyoj sezadi. Feruzaning murojaatidan so‘ng mahalla yoshlar yetakchisi ko‘magida unga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi.
– Ikki yildan buyon shu hunar bilan shug‘ullanaman. Buvimdan qolgan eski tikuv mashinasida tikuvchilik qilardim, – deydi Feruza. – Ammo u mavjud ehtiyojlarimni qondirmay qoldi. Yoshlar yetakchisiga muammoyimni aytgandim, hal qilishga yordam berdi. Hozirda zamonaviy ko‘ylaklarni bemalol tikyapman. Bu tikuv mashinasi subsidiya asosida olib berildi. Buyurtmalar ko‘p. O‘zimni qishlog‘imda ish bilan band bo‘lganimdan xursandman.
Ayni damda Feruza nafaqat qishloq xotin-qizlarining qo‘li gul tikuvchisi, balki hunarini boshqa qizlarga o‘rgatayotgan ustozdir.
Gap asnosida mahalla xotin qizlar faoli Kuchbika Suyunova Sarchashma qishlog‘ining tarixi ming yillarga borib taqaluvchi qadimiy milliy taomlari haqida aytib qoldi. Uning aytishicha, aynan qish kunlarida ko‘pchilik xonadonlarda “Lotingon” va “Hovla” nomli milliy taomlar tayyorlanadi. Boshqa joylarda eshitmaganimiz uchun bu sirli taomlarning tayyorlanishiga qiziqib qoldik. Mahalla xotin-qizlar faoli hamrohligida yo‘l-yo‘lakay mazkur taomlar tayyorlanish jarayoni bilan ham tanishdik.
Biz kirgan xonadon bekasi Ziynat Nasriddinovaning “lotingon” taomini tayyorlash jarayoni bilan tanishamiz. Bu taom asosan qish kunlarida iste’mol qilinarkan. Tayyorlanishi oson “lotingon” uchun kerakli mahsulotlar oddiy suv va un. Qozondagi suv qaynagach, unga ozgina tuz va un solgan uy bekasi erinmasdan qozonni kovlaydi. Ma’lum vaqt o‘tib, beka yog‘och tovoq ostiga sariyog‘ surtib qozondagini unga ola boshladi. Un va suv aralashmasidan hech narsani tushunmasdan turganimizni sezgan beka, avvaldan tayyorlab qo‘yilgan qurtoba bilan taomga bezak bera boshladi. Zum o‘tmay atrofni antiqa taom hidi tuta boshladi.
[gallery-21082]
Ajabtovur bu taom qishloqliklar uchun tansiq taomlardan biri ekan. Muhimi unga hech qanday kimyoviy aralashmalar solinmadi. Tayyorlanishi jihatidan “lotingon”ga o‘xshab ketadigan boshqa bir taom “hovla”ning ham mazasini tatib ko‘rishimizga to‘g‘ri keldi. Keyingi xonadonda aynan “hovla”ning tayyorlanishiga guvoh bo‘ldik.
– Bu taomlarning asosiy tarkibi un va yog‘dan iborat, – deydi Nodira Norova. – Juda quvvatli va to‘q tutadi. Hududimizda ushbu taom qadimdan tayyorlanib kelingan. Bugungi kunda ham ishtaha bilan iste’mol qilinadi.
<iframe width="789" height="444" src="https://www.youtube.com/embed/touL5p4SDrc" title="Tog`li qishloqning qadimiy taomlari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Pech ustidagi qozonga solingan sariyog‘ olov taftidan erirkan, unga bir kosa un qo‘shishdi. Sariyog‘ va unni aralashtirayotgan onaxonni o‘z ishining ustasi ekanligi harakatlaridan ko‘rinib turardi. Taom tayyor bo‘lgach, onaxon uni yog‘och tovoqda mehr bilan suzib bizga uzatdi. Albatta yuz bor eshitgandan ko‘ra, bir bor ko‘rgan yaxshi deyishadi. Biz ham shunday qildik. “Lotingon” va “hovla”dan tatib ko‘rdik. Tanga quvvat va kuch beradigan bu ikki tansiq taomning mazasi og‘zimizda qoldi. Siz ham ularning mazasini bilmoqchi bo‘lsangiz, albatta tog‘li Sarchashmaga sayohat qiling. Ketgan vaqtingizga achinmaysiz.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat, video), O‘zA muxbirlari