Tog‘-kon sanoatida strategik hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi
Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda mineral resurslarni samarali qayta ishlashni rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyati “Germ Gold” kompaniyasi vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvda bu xususida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuvda tomonlar o‘z faoliyat yo‘nalishlari va sohadagi tajribalari haqida o‘zaro ma’lumot almashdi. Shundan so‘ng amaliy hamkorlik masalalari muhokama qilinib, ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, Turkiyaning “Germ Gold” kompaniyasi konchilik sohasida faoliyat yurituvchi xorijiy korxona bo‘lib, u mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish, shuningdek, qo‘shimcha qiymat zanjirini shakllantirish yo‘nalishlarida tajribaga ega hisoblanadi.
Shuningdek, muloqot davomida xomashyo ta’minoti tizimini takomillashtirish, mineral resurslarni qayta ishlash samaradorligini oshirish, qo‘shimcha qiymat zanjirini kengaytirish hamda sohada ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tog‘-kon sanoatida strategik hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA