T.Norboyeva: Odam savdosiga qarshi kurashda yangi jabrlanuvchilarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak
Oliy Majlis Senatida 30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan “O‘zgarib borayotgan dunyoda odam savdosiga qarshi kurashish: profilaktika, himoya va hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan mazkur nufuzli anjumanda davlat organlari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining vakolatli vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy adolatni qaror toptirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
– Odam savdosiga qarshi kurashish faqat jinoyatchilikka qarshi kurashish masalasi emas, balki inson huquqlari, mehnat munosabatlari, migratsiya, raqamli texnologiyalar, ijtimoiy himoya va barqaror taraqqiyot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan global muammo, – dedi T.Norboyeva. – Shu bois unga qarshi kurashish kompleks, tizimli va hamkorlikka asoslangan yondashuvni talab etadi. Odam savdosiga qarshi kurashdagi eng katta yutuq – jabrlanganlarni qutqarish emas, balki yangi jabrlanuvchilarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Shu nuqtai nazardan profilaktik yondashuvlarni kengaytirish, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash, ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash zarur. Aholining, ayniqsa, yoshlar va mehnat migrantlarining huquqiy xabardorligini oshirish odam savdosining oldini olishning eng samarali vositalaridan biri.
Joriy yilda Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni «Firibgarlik tuzog‘ida qolganlar» global mavzusiga bag‘ishlandi. Bu raqamli makonda insonlarni ekspluatatsiya qilish xavfining ortib borayotgani, ayniqsa, mehnat migrantlari, yoshlar va ish izlovchilarni himoya qilishga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlarni yanada rivojlantirish zarurligini taqozo qiladi.
Konferensiya odam savdosiga qarshi kurashish sohasida erishilgan natijalarni tahlil qilish, zamonaviy tahdidlarni har tomonlama baholash, profilaktika va himoya mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, milliy, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoniga aylandi.

Xalqaro migratsiya tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Endryu Grey ta’kidlaganidek, odam savdosi tez sur’atlar bilan o‘zgarmoqda. Jinoiy tarmoqlar raqamli texnologiyalardan tobora faol foydalanmoqda, ularning transmilliy xususiyati va murakkabligi ortib bormoqda. Shuning uchun davlatlar faqat jinoyatni tergov qilish yoki jabrlanganlarni himoya qilish bilan cheklanmasdan, ekspluatatsiya sodir bo‘lishidan avval uning oldini olishga qaratilgan samarali va tizimli choralarni amalga oshirishi lozim.
O‘zbekiston Prezidentining «Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ushbu sohada muhim qadam bo‘lgani anjumanda e’tirof etildi. Mazkur hujjat odam savdosidan jabrlanganlarni erta aniqlash, ularning ehtiyojlarini baholash, ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlarni yagona tizim asosida tashkil etish hamda ularning jamiyatga muvaffaqiyatli reintegratsiyasini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Konferensiya doirasida o‘tkazilgan uchta tematik sessiyada raqamli tahdidlar va ekspluatatsiyaning yangi shakllarining oldini olish, jabrlanganlarni erta aniqlash, identifikatsiya qilish va himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, reabilitatsiya va qayta yo‘naltirish tizimini rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muhokamalarda odam savdosiga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasidagi vazifa emasligi, balki profilaktika, mehnat, migratsiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohalarida o‘zaro muvofiqlashtirilgan siyosatni talab etadigan ko‘p qirrali vazifa ekaniga urg‘u berildi.
Anjuman yakunida odam savdosining oldini olish, jabrlanganlarni himoya qilish va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi kommyunike qabul qilindi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA