Tizimdagi yangilik bojxonachi va tadbirkorga qulay
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi ma’muriy binosida joriy yilning 28 aprel sanasidan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan davr mobaynida ushbu masofaviy bojxona posti orqali 39 ming 110 dona bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirildi. Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda ushbu tizim haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 17 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqqa asosan Davlat bojxona qo‘mitasi hududiy boshqarmalarida bosqichma-bosqich bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirish jarayoni muloqotsiz masofaviy elektron tizimga o‘tkazilmoqda. Birinchilardan bo‘lib, mazkur tizim faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan bugungi kunga qadar “yashil” yo‘lakda 13089 dona, “sariq” yo‘lakda 15701 dona va “qizil” yo‘lakda 10309 dona bojxona yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirildi.
– “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, eng avvalo, tadbirkorlik sub’ektlarining samarali faoliyat yuritishiga zamin yaratdi, – deydi Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti boshlig‘i G‘olib Mavlonov. – Bu tizim tadbirkorning vaqtini tejaydi, eksport va import operatsiyalarini bir necha daqiqalarda amalga oshirishga imkon yaratadi hamda bojxona sohasini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirishga xizmat qiladi. bugungi kunda ushbu bojxona postida 22 nafar xodim viloyatimiz tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan to‘ldirilayotgan bojxona yuk deklaratsiyalarini nazoratdan o‘tkazadi. Bir kunda o‘rtacha 300 donaga yaqin bojxona yuk deklaratsiyasi ko‘rib chiqiladi. Ushbu postni tashkil etishdan maqsad tadbirkorlik sub’ektlariga olib kirilayotgan yoki olib chiqilayotgan mahsulotlarni tezkor, jahon standartlariga mos tarzda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish sharoitini yaratishdan iborat. Shuningdek, bojxona tizimi faoliyatini xalqaro standartlar talabi asosida shakllantirish ko‘zda tutilgan.
[gallery-8669]
Bevosita tizim haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, bu yurtimiz bojxonachilari tomonidan xalqaro tajribalar asosida yaratilgan tizim. Taqdim etilgan hujjatlar toifasiga qarab belgilangan vaqt oralig‘ida bojxona yuk deklaratsiyasini masofaviy elektron rasmiylashtirish imkonini bermoqda. Yana bir e’tiborli tomoni, mazkur bojxona posti tomonidan 2022 yilning 28 aprelidan bugungi kunga qadar 923,7 milliard so‘m bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga undirildi.
Press-tur ishtirokchilari ushbu tizim qulayliklaridan bevosita foydalanib, ma’lum imtiyozlar orqali faoliyat samaradorligiga erishayotgan tadbirkorlik sub’ektlari va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan tanishish maqsadida Samarqand shahridagi “Saxari” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. Mazkur korxona 2021 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, unga 2021-2022 yillar davomida Eron, Xitoy va Turkiya davlatlaridan qiymati 2396,67 ming AQSH dollari bo‘lgan 445,93 tonna asbob-uskunalar olib kelingan. Ushbu import qilingan tovarlarga nisbatan bojxona to‘lovlaridan 2 milliard 454 million so‘m imtiyoz qo‘llanilgan.
– Korxonamiz muzlatkich ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, kuniga 200 dona, yiliga esa 60 ming dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega, – deydi “Saxari” mas’uliyati cheklangan jamiyati marketing bo‘limi boshlig‘i Xalilullo Muhiddinov. – Hozirda 120 nafardan ziyod ishchi mehnat qilayotgan korxonamizda 3 turdagi muzlatkichlar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar ichki va tashki bozorga yetkazilmoqda. Jumladan, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston kabi davlatlarga mahsulot eksporti amalga oshirilmoqda. Joriy yil boshidan xorijga 49 ming AQSH dollari qiymatidagi tovarlar eksport qilindi. Bunda bojxona tizimidagi islohotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postini tashkil qilinganligi bojxona yuk deklaratsiyalarini tez va oson rasmiylashtirish imkonini bermoqda. Bu bizning vaqtimizni behuda sarflamay, samarali faoliyat yuritishimizga xizmat qilmoqda.
Yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda xaridorlarning talablaridan kelib chiqib, yaqin kunlarda ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga oshirishni maqsad qilganmiz. Natijada ishchilar soni 200 kishiga yetkaziladi.
Press-tur davomida ishtirokchilar bojxona tizimidagi yangiliklar, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan import, eksport harakatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA