Tizim kuz-qish mavsumiga tayyor
Mavsumga tayyorgarlik ko‘rish, uni betalofot o‘tkazish maqsadida “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan keng ko‘lamli islohotlar olib borildi. Xususan, viloyat bo‘yicha jami 21,29 kilometr gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi. 507,5 kilometr gaz quvurlari estetik jihatdan tartibga keltirildi, bo‘yoqlandi. Amaliy ishlarning natijasi o‘laroq viloyatdagi 282 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchilarining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojining oldi olinadigan bo‘ladi.
Shuningdek, 7 ming 107 dona gaz maromlash qurilmalari taftish qilindi. 98 ta gaz maromlash qurilmalari esa estetik jihatdan tartibga keltirildi, himoya to‘siqlari bilan o‘raldi. Tasdiqlangan rejadan tashqari 9,423 kilometr gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi. 806 dona gaz maromlash punktlari esa demontaj qilindi. Bu bilan viloyatdagi 94 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 40 ming 635 ta xonadonda tabiiy gaz ta’minotining yaxshilanishiga erishiladi.

Bugun har bir dastur va har bir yo‘nalish bo‘yicha ta’minot xodimlari qo‘lni qo‘lga berib mehnat qilmoqda. Ayniqsa, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida viloyatdagi 15 ta mahallada ishlar natijadorligini ko‘rsatmoqda. 7,6 kilometr gaz tarmoqlari ta’mirlanib, 20 dona gaz taqsimlash qurilmalari to‘la texnik taftishdan o‘tkazildi, bo‘yoqlandi. Viloyatning Jondor tumanidagi “Zangi” mahallasida dastur asosida 4 kilometrga yaqin gaz quvurlari ta’mirlanib, 10 ta gaz maromlash qurilmasi taftish qilindi. Qishloq ahli minnatdor. Muhimi, mavsumda ular tabiiy gazdan muammosiz foydalanadigan bo‘ldi.

Issiq-sovuq, qor-yomg‘ir – barchasida tinim bilmaydigan soha xodimlari tomonidan Vobkent tumanidagi gaz maromlash qurilmalari ham estetik jihatdan tartibga keltirilib, aholiga muammosiz tabiiy gazning yetkazib berilishi ta’minlanmoqda. Tumandagi 11 ta gaz maromlash qurilmasida ana shunday amaliy ishlar bajarildi. Tuman markazida istiqomat qiluvchi 3 ming 200 ta tabiiy gaz iste’molchilarining xonadoniga gaz ta’minotini yaxshilash uchun qo‘shimcha ravishda RDUK-200 rusumli gaz maromlash qurilmasida estetik jihatdan tartibga keltirish ishlari olib borildi. Tayyor holga keltirildi. To‘g‘ri, tuman markazida gaz ta’minoti bilan bog‘liq qator murojaatlar kelib tushgan. Ular o‘z vaqtida soha vakillari tomonidan o‘rganilgan. Ammo yuqorida ta’kidlab o‘tilgan amaliy jarayon sabab bugun ularning tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolariga ham hojat qolmaydigan bo‘ldi.
“Hududgazta’minot” AJning 2022 yil fevral oyida tasdiqlangan manzilli dasturiga asosan ham viloyat bo‘yicha bir muncha amaliy ishlar bajarildi. Keng ko‘lamli islohotlar natijasida viloyat bo‘yicha jami 19 kilometrdan ortiq gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish ishlari belgilangan. Amalda esa 22 kilometrga yaqini rekonstruksiya qilindi. Jumladan, Buxoro shahri, Buxoro, Jondor, Kogon hamda Qorovulbozor va Olot tumanlarida qilingan sa’y-harakatlar bugun iste’molchilarga muammosiz tabiiy gazning yetkazib berilishi uchun muhim omil hisoblanadi. Bugun Buxoro tumanining Paxtakor ko‘chasi iste’molchilari ta’minot xodimlaridan minnatdor. Sababi gaz quvurlarida rekonstruksiya ishlarining amalga oshirilishi tufayli 290 mingdan ortiq aholining tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi.
Har bir ishning ortida katta mehnat hamda mas’uliyat yotadi. Bugun tizim vakillarining yil o‘n ikki oy, fasl tanlamay qilgan mehnatining asl mohiyatini ham amaliy jarayonlar misolida ko‘rishimiz mumkin. Asosiy maqsad xalq farovonligini ta’minlash ekan, tizim xodimlari ham shu maqsad yo‘lida birlashdi, viloyat iste’molchilarining yashash sharoitini yanada yaxshilanishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA