Tinglovchilarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar o‘rgatilmoqda
FOTOREPORTAJ
Buxoro shahri kasbiy ko‘nikmalar markazida aholini kasb-hunarga o‘qitish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash va ularning bandligini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Markazda 2025-yil 19-oktabrdan vaucher asosida kasb-hunarga o‘qitish tizimi joriy etilgan. Bugungi kunga qadar mazkur tizim doirasida 12 ta yo‘nalish bo‘yicha 556 nafar tinglovchi o‘qishga jalb qilingan. Ularning 422 nafari ta’limni muvaffaqiyatli yakunlab, yakuniy imtihondan o‘tgan.
Ayni paytda 75 nafar tinglovchi 6 ta yo‘nalishda tahsil olmoqda. Ular payvandlovchi, santexnik-chilangar, elektromontyor, ayollar sartaroshi, zamonaviy pardalar tikish, kosmetolog kabi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallamoqda.
O‘quv jarayoni asosan amaliy mashg‘ulotlarga yo‘naltirilgan. Tinglovchilarning davomati CRM tizimi, o‘quv va imtihon jarayonlari esa ecosys.mehnat.uz dasturi orqali nazorat qilinmoqda. Shuningdek, ish beruvchilarga imtihon jarayonlarini kuzatish va o‘zlariga zarur mutaxassislarni tanlash imkoniyati yaratilgan.
Markazda 2024-yilda 5 ming 186 nafar, 2025-yilda 3 ming 273 nafar fuqaro kasb-hunar bo‘yicha o‘qishni tamomlagan. Bitiruvchilarning bandlik darajasi ushbu yillarda mos ravishda 94 va 96 foizni tashkil etgan. 2026-yilda esa 491 nafar bitiruvchining 89 foizi bandligi ta’minlangan.
Bitiruvchilarning bir qismi o‘zini o‘zi band qilgan, ayrimlari ishga joylashgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
[gallery-31122]
O‘rganishlar davomida xorijiy tillar, xususan, nemis tili bo‘yicha o‘qitishga xorijdan buyurtma bo‘lmagani sababli mazkur yo‘nalishda kurs tashkil etilmagani ham qayd etildi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA