Tinchlikning, yorug‘ kunlarning qadriga yetaylik!
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Vatanimizning taqdiri, ma’naviy-ma’rifiy hayoti, kelajagiga daxldor ikki muhim hujjat imzolandi.
Bular “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi hamda “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarorlardir. Mazkur hujjatlarning ketma-ket sanada qabul qilinishi bejiz emas.
Vatanimiz mustaqilligiga 33 yil to‘lmoqda. Istiqlolning dastlabki yillarida tug‘ilgan yoshlar bugun mohir adib Javlon Jovliyev timsolida ma’rifatparvar bobolarimizning ilm istab xorijga yo‘l olishi, ularning og‘ir iztirobli kunlari haqidagi “Qo‘rqma” romanini kitobxonlarga taqdim etmoqda.
Olimjon To‘yichev timsolida Turin politexnika universitetiga rektorlik qilmoqda. Darhaqiqat, bugungi kunda mustaqillikning ilk yillarida tug‘ilgan yoshlar Vatanimizning sarhadlarini himoya qilayapti, sanoat konlarida mashinist bo‘lib ishlayapti. Ular yurt ravnaqiga hissa qo‘shmoqdalar. Ilm-fan, zamonaviy axborot texnologiyalari, adabiyot, san’at, sport, fermerlik, tadbirkorlik sohalarida o‘z bilim va iqtidorini namoyon etmoqda.
Endilikda hayotga katta kuch bo‘lib kirib kelayotgan yoshlar uchun mustaqilligimiz, Vatan ozodligining qadr-qimmati, ahamiyatini tushuntirish suv va havodek zarur ekanini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda. Zero, bunday dorilomon kunlarga yetib kelishning o‘zi bo‘lmagan. Osmonimizning musaffoligi, tinch va osoyishta, hur va ozod kunlarga erishish ma’rifatparvar ajdodlarimizning azaliy orzusi ekanini ulg‘ayib kelayotgan avlodga anglatish bugun har qachongidan ham muhimdir.
Jadid bobolarimiz umrini bag‘ishlagan ozod va mustaqil Vatan orzusi bundan 33 yil muqaddam ro‘yobga chiqdi. Taraqqiyparvar bobolarimizning faoliyati, hayoti, maqsad-muddaolari, bosib o‘tgan achchiq, iztirobli, ayanchli taqdir yo‘lini o‘rganish masalasi keyingi yillarda ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Uchinchi Renssans poydevorini barpo etishda jadid bobolarimizning ilmiy-ma’rifiy merosi muhim asos ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Ma’lumki, mustaqil davlat barpo etish, istibdod tuzumning kirdikorlariga tik qarash, ularga qarshi turish evaziga ma’rifatparvar bobolarimiz o‘zining, yaqinlarining, maslakdoshlarining hayoti bilan “xun to‘laganlar”, desak xato qilmaymiz.
Tarixdan ayonki, sho‘rolar tuzumi davridagi katta terror jadidlarni, hur fikrlagan turli soha vakillarini qatag‘onning beayov domiga tashlagan. Ayni paytda “kollektivlashtirish”, “quloqlashtirish” kabi sho‘rolar davri tarixidagi “dog‘lar” millionlab oilalar, odamlar, xonadonlarni rostmana xonavayron, sarsonu sargardon qilganini, boshiga og‘ir kulfatlar solganini manbalardan yaxshi bilamiz.
Bu boradagi tarixni o‘rganish, haqiqatni qaror toptirish yangilanayotgan O‘zbekistonimizda ma’rifiy sohalarda olib borilayotgan islohotlarda ustuvor o‘rin egallaydi. Zero, bugungi avlod shunday yorug‘ kunlarning qadr-qimmatini teranroq anglab yetishi har qachongidan ham muhim.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari davlat muzeyi barpo etildi. Keyingi yillarda ushbu ilmiy muassasa faoliyatini davr ruhiga hamohang yo‘lga qo‘yish borasida barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.
Arxivlarning eshigi tarixchilar, olimlar, ekspertlar uchun keng ochildi. Tadqiqotlar, ilmiy izlanishlar, ma’rifiy ekspeditsiyalar izlanishi uchun tegishli sharoitlar yaratilmoqda.
Qatag‘on qurbonlari davlat muzeyi, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va boshqa ko‘plab ilmiy tuzilmalar tomonidan tegishli ishlar, tadqiqotlar, targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda. Mavzuga doir ma’rifiy platformalar yaratilmoqda. Ayni paytda bunday tadbirlar sohaga aloqador olimlar, ilmiy jamoatchilik, tadqiqot olib borayotgan yoshlar doirasida qolib ketayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Yuqorida nomi keltirilgan qarorga muvofiq, yaqin o‘tmishning ko‘pchilik e’tiboridan chetda qolgan sahifalarini tiklash, uni puxta o‘rganish, inson sha’nini eng oliy qadriyat bilish, yoshlarda Vatan ertasiga bo‘lgan daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish maqsadida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini o‘rganish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilishi ko‘zda tutilmoqda.
Komissiya qatag‘on qyrboni bo‘lgan shaxslarning hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularni nomma-nom aniqlash, tarixiy xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylar, kutubxonalar va turli fondlarda saqlanayotgan hujjatlarni to‘plash va tadqiq etish, ommalashtirish uchun ishchi guruhlar faoliyatini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Shu bilan birga, qatag‘on qurbonlarining avlodlari, o‘sha davr voqealariga guvoh bo‘lgan insonlarning xotiralarini yozib olish, oilaviy arxiv va kutubxonalarda saqlanayotgan tarixiy manbalarni, noyob suratlarni to‘plash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning hududlardagi bo‘limlari hamda Jadidlar merosi davlat muzeyining mavzuga doir ma’lumotlar, ashyoviy dalil va hujjatlar, boshqa tegishli eksponatlar bilan muntazam ravishda boyitilishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobini chop etish hamda ularning nomlarini Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga kiritish ishlarini davom ettirish, chet eldagi turli fondlar, arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik o‘rnatgan holda, mavzuga oid ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish, yosh avlodni Vatanimiz ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan buyuk ajdodlarimiz xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning jasorati va ibratli faoliyatini targ‘ib etishga oid ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Ayni paytda har yili oktyabr oyining birinchi haftasi mamlakatimizda Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Qatag‘on qyrbonlari, jumladan, jadidlik harakati namoyandalarining ibratli hayoti va faoliyati xalqimiz, ayniqsa, yoshlar orasida yanada keng targ‘ib etiladi.
Fanlar akademiyasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Fanlar akademiyasi Tarix institutining “Jadidlar.uz” elektron platformasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish va platformani yangi elektron adabiyotlar, tarixiy manbalar, jadid matbuoti namunalari va audiovizual mahsulotlar bilan boyitib boradi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ta’lim tashkilotlarida o‘tkaziladigan “Mustaqillik darslari” doirasida qatag‘on qyrbonlari, jumladan, jadidlik harakati namoyandalariga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.
Tegishli tashkilotlar tomonidan qatag‘on qyrbonlari va jadidlik harakati vakillari bo‘lgan shaxslar tug‘ilib o‘sgan, yashagan xonadonlar aniqlanib, ularda esdalik lavhalari o‘rnatiladi. Mahallalarda va umumta’lim maktablarida tegishli tarzda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi burchaklari”, stendlar va boshqa ko‘rgazmali vositalari tashkil etiladi.
Bu boradagi ibratli tashabbuslarning barchasi yorug‘ va farovon kunlarning, tinchlikning qadriga yetish, yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularga istiqlolimiz, yurt kelajagi uchun mas’uliyatni tobora kuchaytirish, ajdodlarimiz ruhini shod etish, tarixiy adolatni tiklashdek ezgu va savobli maqsadlarni ko‘zlagani bilan ahamiyatli.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri