Tinchlik va osoyishtalikni asrashda yoshlar tarbiyasi muhim
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida hududlarda obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan bir qatorda yoshlar tarbiyasi, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan profilaktik tadbirlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buxoro viloyati ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan inspektor-psixologlar tomonidan o‘quvchilar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, huquqiy savodxonlikni oshirish, qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.
Inspektor-psixolog, katta leytenant Zarnigor Tillayevaning ta’kidlashicha, yoshlar bilan ishlashda ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va har bir o‘quvchi bilan manzilli ish olib borish muhim ahamiyatga ega.
— Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishda profilaktik yondashuv muhim. Buning uchun o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, huquqiy va ma’naviy bilimlarini oshirish, oila, ta’lim muassasasi va jamoatchilik hamkorligini kuchaytirish zarur, - deydi Z.Tillayeva.
[gallery-30859]
Shu maqsadda o‘quvchilar ishtirokida davra suhbatlari, tushuntirish ishlari, profilaktik uchrashuvlar va targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkazilmoqda. Yozgi ta’til kunlarida ham bu kabi tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uchrashuvlarda yoshlarga huquq va majburiyatlari, huquqbuzarliklarning oqibatlari, internet va ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish, turli salbiy ta’sirlardan himoyalanish masalalari yuzasidan tushunchalar berilmoqda.
Bunday profilaktik ishlar yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularda qonunlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirish va ijtimoiy faolligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Ayni kunlarda hududlarda Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik doirasida ko‘chalar, mahallalar va jamoat joylarini obodonlashtirish ishlari ham davom etmoqda.
Tinchlik va osoyishtalikni asrash, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bunday ishlar jamiyatda sog‘lom muhitni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tohir ISTATOV surat),O‘zA