Tinchlik posbonlarining jasorati unutilmaydi
9 may – Xotira va qadrlash kuni va Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vakillari ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilgan faxriylar, xizmat vazifasini o‘tash vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning oilalarida bo‘ldi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik I.Axmedov va Ichki ishlar vazirining maslahatchisi nafaqadagi polkovnik O.Turdaqov mehnat fronti qatnashchilari Q.Seytakov, N.Taumuratov, R.Samarkanova, Ichki ishlar faxriysi nafaqadagi general mayor J.Shыlmanov xonadonlarida bo‘lib, holidan xabar oldi. Ularni Ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alabaning 76 yilligi bilan qutladi.
Yoshlikning navqiron chog‘larini urush yillarida frontda va front ortida mehnat qilib, bugungi tinch va osoyishta hayotimiz uchun kurashgan insonlar jasorati beqiyosdir. Faxriylarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda vazirlikning birlashgan kasaba uyushmalari tomonidan sovg‘alar topshirildi.
Xotira – muqaddas, qadr azizdir. Bayram munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar organlarida xizmat qilib, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashda jasorat namunasini ko‘rsatgan, xizmat vazifasini o‘tash vaqtida halok bo‘lgan leytenantlar S.Ziyauov, S.Ismailov, serjant A.Sultanovning xonadonlariga ham borildi. Ularning oila a’zolari, farzandlari holidan xabar olinib, pul mukofotlari va bayram sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA