Tinchlik posbonlarining jasorati unutilmaydi
2003-yil 1-fevral kuni edi. Odatdagidek ishdan qaytayotib, yoʻl boʻyidagi xonadonlardan birida ikki nafar mast kishining janjallashayotgani eshitib qoladi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpogʻiston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tashabbusi bilan Ichki ishlar organlari safida xizmat vazifasini bajarish paytida halok boʻlgan 4 nafar xodimning oila aʼzolaridan xabar olinib, pul mukofoti topshirildi.
Kegayli tuman Ichki ishlar boʻlimi Jinoyat qidiruv va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlinmasi tezkor vakili Saparboy Ismoilov endigina 28 bahorni qarshilagan edi. Akasi Ichki ishlar organi xodimi boʻlgani tufayli bolaligidan ushbu sohaga juda ham qiziqdi. Tumandagi 1-umumtaʼlim maktabini aʼlo baholarga tugatib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida taʼlim oldi. Oʻquv yurtini bitirib kelgach, Kegayli tuman Ichki ishlar boʻlimiga ishga joylashdi.
2003-yil 1-fevral kuni edi. Odatdagidek ishdan qaytayotib, yoʻl boʻyidagi xonadonlardan birida ikki nafar mast kishining janjallashayotgani eshitib qoladi. Darhol ichkariga kirib, ularni tinchita boshladi. Shu payt mast kishilardan biri oshxona pichogʻi bilan militsiya xodimining qorin qismiga bir necha marta uradi. Ogʻir ahvolga tushgan Saparboy Ismoilov tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizildi. Ammo tibbiyot xodimlarining zarur choralar koʻrishiga qaramasdan kasalxonada oʻziga kelmay vafot etadi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpogʻiston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi hamda Kegayli tuman IIB vakillari ushbu jasoratli xodimning uyiga tashrif buyurdi. Qurʼon tilovat qilinib, oila aʼzolariga pul mukofoti topshirildi.
–Akamning armonlari koʻp edi,–deydi S.Ismoilovning ukasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi 3-pitomnik kinologi, safdor Ajiniyaz Ismoilov. -Har doim menga ichki ishlar xodimi mard, jasur, tinchlik va osoyishtalikning haqiqiy posboni boʻlishi kerak, deb uqtirardi. Men ham akamning kasbini davom ettirib, shu sohada xizmat qilayapman. Qoraqalpogʻiston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi, Ichki ishlar organlari xodimlariga rahmat, doimo oilamizdan xabar olib turishadi.
Shuningdek, xizmat vazifasini bajarish chogʻida 2011-yilda halok boʻlgan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi patrul-post xizmati brigadasi militsioneri, katta serjant Azamat Baltaboyev, 2011-yilda halok boʻlgan Beruniy tuman IIB huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimi militsioneri, serjant Adilbek Sultanov, 2018-yilda halok boʻlgan Toʻrtkoʻl tuman IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi Ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektori, leytenant Samat Ziauovlarning oila aʼzolaridan xabar olinib, pul mukofotlari topshirildi. Vatanimiz tinchligi, xalqimizning osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida halok boʻlgan ushbu xodimlarning mardligi yoshlarimizga, boʻlajak Ichki ishlar organlari xodimlariga oʻrnak boʻlishi shubhasiz.