“Tinchlik missiyasi” davom etmoqda...
Rossiya - Ukraina
Vatikan davlat kotibi kardinal Pyetro Parolin avvalroq Rim Papasi Fransisk maʼlum qilgan “tinchlik missiyasi” masalasida Moskva va Kiyev bilan muzokara oʻtkazilgani xabarini berdi.
“ANSA” agentligi uning soʻzlariga tayanib, “missiya ishini davom ettiradi, koʻrilayotgan masalalar, hozircha, maxfiy” deyu yozdi.
Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer fikricha, Ukrainadagi mavjud vaziyat Yevropaning uzoq muddatli xavfsizlik tartiboti buzilishiga olib keladi. “RBB” radiostansiyasi uning bayonotidan quyidagi iqtibosni keltirgan:
- Afsuski, bugun xavfsizlik qoyim emas. Ukraina ziddiyati tugagandan keyin ham avvalgi xavfsizlik falsafasiga qaytishimiz dargumon.
Xitoy Ukraina masalasida aniq qarashga ega boʻlishi kerak, dedi GFR tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok.
“BMT Xavfsizlik kengashi aʼzosi sifatida Xitoy dunyoda tinchlikni taʼminlash boʻyicha alohida masʼuliyatga ega”, qoʻshimcha qildi u.
Janubiy Afrika Respublikasi Ukraina ziddiyatini tinch yoʻl bilan hal etishda bevosita koʻmaklashishga tayyor. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Naledi Pandor bayonot berdi. Uning soʻzlariga koʻra, JAR rahbari Rossiya va Ukraina yetakchilari bilan aloqani uzmagan.
Ukrainaning NATOga ehtimoliy kirishini Bosh kotib Yens Stoltenberg hal qilmaydi, bu masala boʻyicha qaror Alyansning barcha aʼzolari tomonidan qabul qilinadi, dedi “laSexta” telekanaliga intervyusida YEI tashqi siyosat xizmati rahbari Jozep Borrel. Uning qayd etishicha, mazkur masala hozir “koʻrib chiqilmayapti”.
AQSH Moliya vaziri Janet Yellen ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozganidek, Yaponiyada oʻtadigan “G7” yigʻilishida Ukrainaga yordam mavzusi koʻrib chiqiladi.
AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi ziddiyatni toʻxtatish uchun Putin va Zelenskiy bilan koʻrishishga tayyor.
“CNN” telekanali muxbiri bilan suhbatda u “nizoni 24 soatda hal qilishi mumkin”ligini aytgan.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning rasmiy vakili Ibrohim Kalin Rossiya Prezidentini turkiyalik hamkasbiga Ukraina masalasida taraf tanlashni majburlashga urinmaydigan, uzoqni koʻra oladigan yetakchi, deb atagan.
“Biz Rossiya tomoniga ziddiyat Ukraina hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligi saqlangan holda hamda barcha anneksiya qilingan hududlar qaytarilishi sharti bilan nihoyasiga yetishi kerakligini bildirganmiz, Turkiyaning bu masalaga yondashuvidan Rossiya yaxshi xabardor”, degan Kalin.
Si Szinpin Ukraina muammosini hal etish uchun kiritgan taklif asosida ishlash kerak, dedi XXR tashqi ishlar vaziri Sin Gan.
Xitoy TIV matbuot xizmati uning “Pekin nizo siyosiy yoʻl bilan hal etilishi kerakligini aytgan, Xitoy bu mavzuda konstruktiv rol oʻynashda davom etadi”, soʻzlarini iqtibos tarzida keltirgan.
Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning xalqaro ishlar boʻyicha maxsus vakili Selsu Amorim Ukraina rahbari Zelenskiy bilan koʻrishgan va unga Kiyev va Moskva oʻrtasida boʻlajak muzokara yuzasidan vositachilar guruhi tuzish rejasi mazmunini yetkazgan. Bu haqda “Globo” gazetasi xabar berdi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba “qarshi hujum qanday natija bilan tugashini bilmayman, muvaffaqiyatsiz chiqsa, yana bir marta amalga oshiramiz”, degan.
“Bild” nashri muxbiriga vazir harbiy yordam toʻgʻrisida Berlinga murojaat qilganini aytgan. “Gʻalaba uchun qurol-aslaha kerak, Germaniyada esa bunday vositalar bisyor”, deya qoʻshimcha qilgan u.
Abror XON,
O‘zA