“Times Kuwait”: Islom sivilizatsiyasi markazi – muzeydan kengroq ma’no kasb etgan ilmiy-ma’rifiy makon
Jahon matbuoti O‘zbekiston haqida
Kuvaytda nashr etiladigan ingliz tilidagi “Times Kuwait” haftalik gazetasida O‘zbekistonda buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlar keng yoritildi.
Bir maqolada Amir Temur nafaqat harbiy mahorat sohasida, balki davlat boshqaruvi, ilm-fan va madaniyatni qo‘llab-quvvatlashda ham jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan shaxsligi e’tirof etilgan.
– U XIV-XV asrlardagi murakkab siyosiy vaziyatda turli hududlarni birlashtirib, markazlashgan va barqaror davlat tizimini barpo etgan, – deyiladi materialda.
Muallif qayd etishicha, sohibqiron davrida diplomatiyaga alohida e’tibor qaratilgan. U Yevropa davlatlari, jumladan Fransiya, Angliya va Kastiliya bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan. Xususan, 1404-yil Samarqandga tashrif buyurgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo o‘z xotiralarida shaharning taraqqiy etgan infratuzilmasi, yuksak madaniy muhiti va xorijlik mehmonlarga ko‘rsatilgan ehtiromni alohida ta’kidlagan.
Nashr o‘quvchilarga bugungi kunda Temuriylar merosi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida zamonaviy va innovatsion yondashuv asosida taqdim etilayotganini tushuntirgan. Ya’ni, markazda noyob qo‘lyozmalar, tarixiy hujjatlar, qurol-aslaha namunalari, miniatyura va inter faol ekspozitsiyalar orqali Temuriylar davri boy tarixi keng yoritilgani aytilgan.
– Muhimi, Islom sivilizatsiyasi markazi faqat muzey vazifasini bajarib qolmay, balki ilmiy tadqiqot, ta’lim va ma’rifiy faoliyatni qamrab olgan zamonaviy platforma sifatida faoliyat yuritmoqda, – deyilgan maqolada. – Majmua tarixiy merosni chuqur o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazishda muhim o‘rin tutadi.
Qayd etilishicha, markaz islom sivilizatsiyasining Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlaridagi yutuqlarni tadqiq etish hamda bugungi “Uchinchi renessans” g‘oyasini ilmiy jihatdan rivojlantirishga xizmat qiluvchi intellektual ko‘prik sifatida namoyon bo‘lmoqda.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA