Tilimiz taraqqiyotiga tahdid
Turli millat va elatlarni farqlovchi asosiy belgilardan biri til sanaladi.
Ona tilim – oltin sandig‘im
Turli millat va elatlarni farqlovchi asosiy belgilardan biri til sanaladi. Tilini yo‘qotgan xalq millat sifatida ham yo‘qlikka mahkumdir.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir videorolik keng tarqaldi. Unga ko‘ra, bir qozoq yigiti qishloqdan shaharga – mehmonxonada turgan do‘stining oldiga keladi va mehmonxona xizmatchisi bo‘lgan qizga do‘stini chaqirib berishni qozoq tilida so‘raydi. Ammo qiz qozoqchani tushunmaydi, yigitga faqat ruscha yoki inglizcha murojaat qilishini aytadi. Yigit o‘z yurtida ona tilini bilmagan, tushunmagan vatandoshidan xafa bo‘lib, navbatni o‘zidan keyingi turgan habashga beradi.
Yigit va qiz o‘rtasida bo‘layotgan tushunmovchilikni kuzatib turgan habash qozoq qizi bilan ingliz tilida nimalarnidir gaplashadi va orqasida mulzam bo‘lib turgan haligi yigitga qarab, qozoq tilida “Men sening gapingni qizga aytdim, hozir do‘stingni chaqirib beradi”, deydi. Shunda yigit habashga qozoqchalab “Siz qozoqchani bilasizmi?” deb o‘zining tashakkurini izhor etadi.
Qiziq holat-a, bir millatga mansub ikki fuqaro o‘rtasida mutlaqo boshqa bir millat vakili tilmochlik qilsa... Garchi bu rolik bo‘lsa-da, unda juda katta hayotiy ma’no bor. Aslida ham shunday bo‘lmoqda.
Bir paytlar jadid adabiyotining buyuk vakillaridan biri Abdurauf Fitrat “tilimiz boy, ammo baxtsizdir” deganida haq edi. Afsuski, bu ibora ona tilimizning bugungi taqdiri uchun ham mosdek. To‘g‘ri, mustaqillik yillarida tilimizni ilmiy asosda rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab tadqiqotlar yaratildi. Biroq til taraqqiyoti faqat ilmiy tadqiqotlarga bog‘liq emas, balki uning rivojida shu tilda so‘zlayotgan, shu tilda yozayotgan siz-u bizning ham hissamiz bor. Xo‘sh, shunday ekan, bugun “Davlat tili haqida"gi qonun talablariga qanchalik rioya etayapmiz? Har kuni ko‘chada ko‘radiganimiz – turli e’lonlar, reklama bannerlari, transport vositalaridagi manzil ko‘rsatkichlari, binolar peshtoqidagi, idora va tashkilotlar muhrlaridagi yozuvlar imlo qoidalariga qay darajada mos? Ayniqsa, radio va televidenieda boshlovchilik qilayotgan jurnalistlarning nutqiy ko‘nikmasi tilimiz qonuniyatlariga nechog‘lik mos kelayapti? Qolaversa, o‘z teledasturlarini “Megapolic”, “Real xit”, “Reality shou”, “The cover up”, “Bojalar community”, “My atel'ye”, “Muzqaymoq party”, “Smile party”, “Sketch shou”, “Bumirang” degan ajnabiy nomlar bilan atashdan ko‘zlangan maqsad nima? Bugun ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrini bayon etayotganlar til qoidalariga qanchalik amal qilishmoqda?.. Xonandalarimiz tomonidan ijro etilayotgan qo‘shiqlar matni-chi?
Rosti, bular haqida o‘ylar ekanmiz, barchamizning o‘z fikrimiz va kuzatishlarimiz borligi aniq. Ammo komil ishonch bilan aytishimiz mumkinki, bu boradagi kuzatishlarimiz ko‘pam ijobiy emas. Xo‘sh, nega shunday? Aslida, millatning mavjudligi avvalo, uning tilida namoyon bo‘ladi. Zotan, til millatning dunyoni bilish, anglash, tuyish vositasidir. Ming yillar davomida sayqallangan o‘zbek tili imkoniyatlari dunyodagi hech bir tildan kam emas. Biroq ona tilimizning ko‘rki, chiroyi, jozibali ifoda imkoniyatlarini po‘lat zirhday beta’sir, deb bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, turli salbiy omillar uning betakrorligiga daxl qilib, mavqeiga putur yetkazishi turgan gap.
Bunday illatlar bugun kichkina ko‘rinsa-da, ularga beparvo qarash kelajakda bitmas ma’naviy jarohatlar keltirib chiqarishi mumkin. Takror aytamiz, til sofligini ta’minlash, uning qoidalariga og‘ishmay amal qilish har bir yurtdoshimizning ham qonuniy, ham ma’naviy burchi sanaladi.
Xo‘sh, bugun bu burchga qay darajada sodiqmiz? Ma’naviyatimiz ko‘zgusi bo‘lgan ona tilimiz sofligiga nechog‘lik e’tibor qilayapmiz? Uning boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri va o‘rinli foydalanayapmizmi? Menimcha yo‘q. Agar mavzuga ilmiy nuqtai nazardan yondashilsa, bugun ona tilimiz ko‘rkiga dog‘ tushirayotgan illatlarni shartli ravishda quyidagicha guruhlash mumkin:
– so‘zlarni noto‘g‘ri yozish bilan bog‘liq orfografik xatoliklar;
– so‘zlarni o‘rinsiz qo‘llash, noto‘g‘ri tarjima qilishdan iborat uslubiy g‘alizliklar;
– mantiqqa nomuvofiq ifodalar (mantiqiy chalkashliklar);
– tinish belgilarini qo‘llash bilan bog‘liq nuqsonlar, ya’ni punktuatsion xatoliklar.
O‘rganishlarga ko‘ra, tilimizda ko‘p uchraydigan xatoliklar ko‘cha yozuvlari, peshlavhalar, reklama va e’lonlar, axborot materiallari va bezaklarda “o‘”, “q”, “g‘”, “h” harflari o‘rnida “u”, “k”, “g”, “x” harflarini qo‘llash tarzida namoyon bo‘lmoqda. Bunday xatoliklarning aksariyati esa lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosida bitilgan so‘zlar bilan bog‘liq. Xato va mantiqsiz birikmalar yozilgan peshlavhalarning jamoat joylarida, turli muassasa-tashkilotlar binosining peshtoqi yoki boshqa ko‘zga tashlanadigan joylarda turishi har qanday ma’rifatli kishi ko‘ngliga ozor yetkazishi, shubhasiz. Ma’naviyatimizni e’zozlash, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash o‘rniga ko‘proq moddiyatni o‘ylayotgan, to‘g‘rirog‘i, qanday qilib bo‘lsa-da, pul topishni maqsad qilgan ayrim uddaburonlarda, nahotki, oz bo‘lsa-da, milliy g‘urur, tilga mehr bo‘lmasa?! Eng achinarlisi, bugun bunday bilimsizlik va e’tiborsizlik tufayli til bilan bog‘liq xatoliklarni har qadamda uchratish mumkin. O‘ylab qolasan kishi: “Davlat tili haqida”gi qonunda davlat tili rasmiy amal qiladigan doiralarda adabiy til qoidalari va me’yorlariga rioya etilishi aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ayrimlar bu qoidani nazar-pisand etmasa, buning uchun ularni javobgarlikka tortuvchi idoralar yo‘qmi? Nahotki, davlat tili masalasi hech bir tashkilot zimmasiga alohida mas’uliyat yuklamasa? O‘ylaymizki, bu borada Vazirlar Mahkamasi huzurida yaqinda tashkil etilgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti aniq chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Bugun tilimizda uchrayotgan xatolar ichida uslubiy xatoliklar, ya’ni so‘zlarning noto‘g‘ri va noo‘rin ishlatilishi, so‘z tartibi qoidalariga rioya qilmaslik, ruscha so‘zlarni lotin yozuvida yozish, peshlavhalardagi mantiqsiz, tushunarsiz nomlar va ularning daraxtlar, simyog‘ochlarga noo‘rin osilishi, jamoat transportida yo‘nalish va manzillar yozilishidagi xatoliklarni ko‘plab uchratish mumkin. Bunday salbiy holatlar ona tilimizga, unga davlat tili huquqiy maqomini bergan qonunga nisbatan hurmatsizlik emasmi?!
Yana bir jihat, iqtisodchilar orasida “Reklama – biznesning asosi” degan ta’rif yuradi. Darhaqiqat, ishlab chiqarilgan mahsulot, taqdim etilayotgan xizmatning xaridor nazariga tushishida reklamaning o‘rni beqiyos. Yurtimiz ishbilarmonlari tomonidan reklamaga katta e’tibor berilayotgani ham bejiz emas. Bugun ko‘chalarimizni bezab turgan ulkan bilbordlar, afishalar fikrimiz dalilidir. Biroq ularning matni ona tilimiz qoidalariga qanchalik mos? Bozoru ko‘chalarimizni to‘ldirgan shiorlar, reklama va e’lonlar matnini nuqsondan xoli deya olamizmi? Afsuski, yo‘q. “Davlat tili haqida”gi qonunning yigirmanchi moddasida “Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin” deya qat’iy belgilab qo‘yilgan. Ammo lavhalar, e’lonlar, narxnomalar hamma joyda ham ushbu talabga mos tarzda rasmiylashtirilayapti, deb bo‘lmaydi. Nazarimda mahalliy davlat hokimiyati idoralari qoshida faoliyat ko‘rsatuvchi Reklama-axborot faoliyati bo‘yicha komissiyalar tashqi axborot vositalarining mazmuni, axloq-odob vositalariga mosligi, til me’yorlariga amal qilingani yuzasidan muntazam monitoring yuritadi.
Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Reklama-axborot faoliyati bo‘yicha komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtimiz ko‘chalarida joylashtirilgan tijorat reklamalarining davlat tilidagisi faqat 25,5 foizni, davlat tili va boshqa tillar aralash qo‘llanilgani 57,7 foizni, faqat savdo belgisi aks etgan reklamalar esa 8,3 foizni tashkil etadi. “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasiga binoan, “Muayyan shaxs egallab turgan binoning tashqi tomonida, binoga kirish joyida shu shaxs to‘g‘risida joylashtirilgan yoki mazkur shaxsning mahsuloti haqida shu bino vitrinasidagi axborot (peshlavha) reklama deb hisoblanmaydi va buning uchun mahalliy davlat hokimiyati organlarining ruxsatini olish talab etilmaydi”. Bugun shahrimizdagi xato reklamalarning asosiy qismi ana shunday – reklama sanalmaydigan peshlavhalarda uchrayotgani kishini o‘ylantiradi. Demak, “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahririda ushbu jihatlarga ham e’tibor qaratish lozim ko‘rinadi. Yozuvlardagi xatoliklarni ilg‘ay oladigan kishi-ku, mayli, nuqsonni o‘zi to‘g‘rilab o‘qishi mumkin. Biroq u yosh, hali imlo qoidalarini to‘la o‘zlashtirmagan bo‘lsa-chi? Masalaning eng og‘riqli jihati ham shu. Zero, tilimizga bo‘lgan bepisand munosabat yosh avlodning ma’naviy olamiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tayin.
Yana bir jihat, bugun yurtimizda jamoat transporti faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgan. Yo‘nalishli taksilarning uzog‘imizni yaqin qilayotganidan hammamiz mamnunmiz. Biroq bunday avtotransport vositalaridagi yo‘nalishlar, mo‘ljallar nomi, turli e’lonlar va ogohlantiruvchi yozuvlarning savodxonlik qoidalariga mutlaqo javob bermasligi kishi ta’bini xira qiladi. Kun davomida bitta jamoat transporti xizmatidan minglab kishi foydalanishini e’tiborga oladigan bo‘lsak, xato yozuv zararining ko‘lami ham kengayib borishini tasavvur qilish qiyin emas. Bugun “Oloy” bozorining “Alayskiy”, “Farhod” bozorining “Farxadskiy”, Janubiy vokzalning “Yujnыy vokzal”, Shimoliy vokzalning “Severnыy vokzal” tarzida xato yozilishi xuddi odamning ismini noto‘g‘ri atashdek noxush holatdir. Qolaversa, bu “Davlat tili haqida”gi qonunning 22-moddasiga ham zid. Eng achinarlisi, kattalarning loqaydligi, beparvoligi, bequntligi oqibati bo‘lgan bu xatolar jabrini tevarak-atrofiga yangilik qidirib qaraydigan bolalar ham tortadi. Darsligida “Farhod” deb yozilgani holda avtobusda, tramvayda, yo‘nalishli taksilarda “Farxadskiy” so‘ziga duch kelgan o‘quvchi qay birini to‘g‘ri deb tanlaydi?
Millat ko‘zgusi bo‘lgan tilimizga bepisand munosabatning yana bir ko‘rinishi joy nomlari, bino va inshootlarga bilib-bilmasdan ma’no-mantiqdan xoli nomlar qo‘yish tarzida namoyon bo‘lmoqda. Albatta, nom qo‘yish har kimning shaxsiy ishi, o‘z vijdoniga havola. Biroq siz tanlayotgan so‘z hammaning e’tiboriga taqdim etilishini inobatga olsak, bu borada ham beparvolikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ayonlashadi. Qolaversa, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunda ham bu borada me’yoriy qoidalar mavjud. Bugun mahsulotini o‘zbekcha nomlayotgan, chiroyli, zamonaviy binolari peshtoqiga o‘zbekcha nom yozib qo‘yayotgan kishilar sa’y-harakati har qancha olqishga munosib. Biroq hammani ham bu borada ibratga loyiq ishlar qilyapti, deyish qiyin. Masalan, ishlab chiqarayotgan mahsulotini “Pasanie semki”, “Krieshki”, “Tip-top”, restoranini “Drakon”, “Troyka”, “Versal”, “Napoleon, “XXX”, “Sar”, “Imperial”, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasasini “GAF”, “LEADER”, “Carucel”, “Blinoff”, “Bistro”, do‘konini “NAF-NAF”, “Vay-fay”, “Korzinka.uz” kabi nomlar bilan atayotgan insonlarga qanday baho berish mumkin? Bunday nomlarni ko‘rgan kishi o‘ziga shunday savollar berishi tabiiy: “Bu imoratlar O‘zbekistondami yoki biror xorijiy o‘lkada? Shu qadar ajnabiy ot tanlashdan asl muddao nima o‘zi? Bunday so‘zlar ma’naviy qadriyatlarimizga, xususan, millatimiz ramzi bo‘lgan o‘zbek tili qonuniyatlariga qanchalik mos? Bu kabi nomlarni tanlayotgan insonlarda milliy g‘urur, ona tilimizga hurmat degan tuyg‘u nahotki bo‘lmasa?”.
Xo‘sh, tilimiz ko‘rkiga dog‘ tushirayotgan bunday xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, ularning oldini olish uchun nima qilmoq lozim? Turli reklama va e’lonlar ko‘chalarimiz chiroyiga putur yetkazadigan emas, aksincha, yanada ko‘rkamlashtirishga xizmat qilishi uchun ishni nimadan boshlagan ma’qul? Albatta, hech qanday muammo o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Shu ma’noda hayotimizda tilimizning chiroyiga dog‘ bo‘lib tushayotgan ayrim kamchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillar ham borki, ularni aniqlashtirmasdan turib, nuqsonlarni bartaraf etmoqqa urinish xuddi tashxis qo‘ymasdan bemorni tuzatmoqqa urinishga o‘xshaydi.
Xo‘sh, tilimizda uchrayotgan kamchiliklar qaerdan paydo bo‘lmoqda: oiladami, mahalla-ko‘ydami, maktabdami yoki oliy o‘quv yurtida?
Bir so‘z bilan aytganda, bugun zamon o‘zgardi. O‘zbekiston yangi o‘n yillikka qadam qo‘ydi. Bugun barcha sohalar qatori tilimiz rivoji va uning taraqqiyoti haqida ham jiddiy mulohaza qilish payti yetdi. Buning uchun mustahkam huquqiy baza yaratildi. Dastlab davlatimiz rahbarining 2019 yil 4 oktabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori, so‘ng 2019 yil 21 oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, qolaversa, ona tilimizga Davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi Xalqaro Kongress markazida ilk davlat tadbiri o‘tkazilgani, unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ona tilimizning nufuzini yanada oshirishga doir qator takliflarni aytgani va vazifalar belgilab bergani, bundan buyon 21 oktabr mamlakatimizda ona tili bayrami sifatida keng nishonlanishi, bularning bari aytish mumkinki, davlatimiz tomonidan ona tilimiz – o‘zbek tiliga hurmat va e’tiborning amaldagi ifodasidir. Demak, huquqiy asos mustahkam, endi faqat unga amal qilish qoldi. Bugun har bir shaxs “Davlat tili haqida”gi qonunga to‘la rioya qilishi shart.
Biz bugun ona tilimiz sofligiga soya solayotgan, boy tilimizni baxtsiz qilayotgan illatlarning ayrimlarinigina tilga oldik, xolos. Aslini olganda esa bunday xato va kamchiliklar turmushimizda anchagina tomir otgan. Yuqorida so‘z yuritilgan mavzu, eslab o‘tilgan misollar ham har birimizga birday taalluqlidir. Hayotda erishayotgan yutuq va muvaffaqiyatlarimizning asl manbasi sabotu irodamiz, azmu shijoatimiz bo‘lgani singari, nuqsonlar sababini ham tabiatimizdagi beparvolik, loqaydlik, nopisandlik, manmanlik kabi qusurlardan izlamoq darkor. Bizga beminnat xizmat qiluvchi ona tilimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni bartaraf etishda ham xolis bo‘lsak, jonkuyarlik ko‘rsatsak, hamjihatlik bilan ish tutsak, ezgu maqsadlarimizga erishishimiz muqarrardir.
Shuhrat HAYITOV,
“O‘zbekiston” teleradiokanali bosh muharriri,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.