Tilimiz ham, dinimiz ham, maqsadimiz bir elmiz
Qoraqalpoq eli azaldan mardu tantiligi, mehmondo‘stligi bilan tanilgan. Bu zaminda ko‘plab donishmandlar yetishib chiqqan.
Ular qoraqalpoq va o‘zbek xalqining tarixiy birligiga xizmat qilib, har qanday vaziyatda chuqur mulohaza bilan ish ko‘rishga undagan.
Oradan necha ming yillar o‘tdi, lekin biron marta o‘zbek va qoraqalpoq eli senu menga borgan emas. Hamisha, og‘ir kunda ham, sinovlar davrida ham bir mayizni bo‘lib yegan, boriga qanoat, yo‘g‘iga sabr qilgan.
Allohga shukrki, bu an’ana hamon bardavom. Lekin ana shu mehribonlik muhitini, tinchligimiz qadrini, og‘izbirchiligimizni ko‘rolmaydigan g‘alamislar ham bor ekan. Taqdir sinovini qarangki, ular oramizga raxna solmoqchi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istondagi xalqchil o‘zgarishlarni yomoq talqin qilmoqchi bo‘ldi.
Sodir bo‘lgan voqealar har birimizni hushyor bo‘lishga, har doimgidan ham hamjihatlikka chorlaydi. Zero, oqko‘ngil, bag‘rikeng xalqlarmiz, o‘zbek va qoraqalpoq taqdiri bir. Biz bugun shunday zamonda yashayapmizki, unda har bir fikrni o‘ylab, harakatlarimizni ming o‘lchamda toblamasak, kichik xato ham katta ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi hech gap emas ekan.
Zamona zaylini qarang. Bugun Qoraqalpog‘istonda katta o‘zgarishlar guvohi bo‘lib turibmiz. Har bir mahallada, har bir oilada farovonlik, obodlik manzaralari ko‘zni quvnatadi.
Mo‘ynoqmi, Bo‘zatovmi yo boshqa tuman yoki ovul bo‘lsin, qay biriga bormang, tarixiy o‘zgarishlarga, turmushimiz yaxshilanganiga ko‘zimiz tushadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qoraqalpoq eliga alohida mehri tufayli, qolaversa, qoraqalpoq xalqining qizg‘in qo‘llab-quvvatlovi, farovon hayotga bo‘lgan intilishi hurmati bu zaminda yangi hayot hukm sura boshladi. Birgina Orolbo‘yidagi yangilanishlarni ayting. Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish uchun maxsus davlat dasturi ishlab chiqildi. Orol dengizi fojiasi tarixda ilk bor BMT minbarida ko‘tarildi. Dunyo hamjamiyati nigohi Qoraqalpog‘istonga qaratildi.
Dengiz suvi chekingan sahrodagi minglab gektar maydonda yashil o‘rmon paydo bo‘ldi. Buning uchun nafaqat mo‘ynoqlik yoki qoraqalpog‘istonliklar, balki boshqa viloyatlardan kelgan millionlab yurtdoshlarimiz o‘z hissasini qo‘shdi. Katta ish bo‘ldi, bu o‘zbek va qoraqalpoq xalqi to‘yi bo‘ldi. Prezidentimiz bosh-qosh bo‘lgan bu ish xalqimizni yanada jipslashtirdi. Agar biz bir bo‘lsak, har qanday ishga qodir ekanimizni namoyon etdik. Ha, birlikda, ahillikda, kengashib ish ko‘rishda gap ko‘p, hikmat ko‘p.
Bu hali boshlanishi, xolos. Bugun yangi davrga qadam qo‘ydik. Taraqqiyotimizning ikkinchi bosqichi boshlandi. Oldimizda katta maqsadlar turibdi. Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish, bu el odamlari hayotini yanada farovon qilish maqsadi mujassam.
Shunday ekan, zaminu zamonda bir bo‘lib yashayotgan xalqimiz orasiga hech kim raxna sololmaydi.
Kuni kecha Prezidentimiz zo‘r gapni aytdi. “Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun o‘zbek xalqining baxti va farovonligidir”.
Biz bir daryodan suv ichamiz, to‘yimiz bir, ma’rakamiz bir. Quda-andamiz, do‘stmiz, og‘a-ini, opa-singilmiz. Shu sabab ham biron noxush voqea bo‘lsa, hammamiz birdek ezilamiz, darhol ko‘makka shoshamiz. Kechagi voqealardan, tashqi qutqulardan ham g‘oyat og‘rindik. Hayot shunaqa, yaxshi-yomon, baxtli-qayg‘uli kunlardan iborat. Allohga shukrki, donishmand elimiz yomonlar, g‘alamislar ta’siriga tushib qolmadi. Hammasi iziga tushdi.
Bugun esa har doimgidek birgamiz. Taraqqiyot yo‘lidamiz. Bu bizga o‘zimiz uchun ham, farzandlarimiz kelajagi uchun ham, Vatanimiz buyuk bo‘lishi uchun suv va havodek zarur e’tiqod. Shu e’tiqod mustahkam va abadiy bo‘lishini Yaratganning o‘zidan so‘rab qolamiz. Oqibatimiz, mehrimiz va ahilligimizga ko‘z tegmasin
Shavkat MIRZAQULOV,
O‘zDJTSU Milliy kurash turlari nazariyasi
va uslubiyati kafedrasi mudiri.
O‘zA