Tili azizning eli aziz
Ellarni, qaysiki roʻyi zaminda kuchlik boʻlgan, oʻz aytarini oʻtkazadigan millatlarni jamlaylikda til xususida bir gurung qilaylik.
21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
Ellarni, qaysiki roʻyi zaminda kuchlik boʻlgan, oʻz aytarini oʻtkazadigan millatlarni jamlaylikda til xususida bir gurung qilaylik. Har kim oʻz tili va uning hozirgi iqtidori haqida soʻz aytsa.
Avval ingliz eliga navbatni bersakda, quloq tutsak, u aytar: “Maning tilim ikki asr oshdiki, olamni bogʻlovchi, ilmni chogʻlovchi, magʻrib-u mashriqqa, gʻarib-u boshliqqa urf boʻlgan podisho tildir. Xalqlar bolalarida maning tilimni hosil qilmoq uchun jahd qiladur, buni barcha biladir, koʻp gapirsam yuk boʻladir. Kimsaki, tilimni xor qilsa, oʻzi avom qoladir” deydiyu gerdaygancha boshqalarga jim quloq solar.
Galni farangi olib deydi: “Tillar saltanatida sobiq qirolligim hurmatidan olam ahli mani koʻp ehtirom qilgay. Zero, maning tilim fasohatidan, ham nafosatidan slavyan-u rus, Ovrupayu Afriko quvvat olib baraka topganini bilarsiz. Bashar tilimni muhabbat zaboni deya bugun koʻngil hislarini maningla izhor qilar. Yurtimda kimki tilimga beeʼtibordir, aning roʻzgʻoriga mushkuli bordir” deya u-da kekkayish maqomin olgay.
Germon ham qatordan qolmay deya soʻz boshlar: “Asli Ovrupaning aksar gʻolib ellari maning tomirlarimdan obi-hayot sipqorgan ersada, bugun tilimning ilm-u maʼrifat olamidan boʻlak shijoati ikki ming yillikning qaʼridan sas beradi, xolos. Biroq kimsaki Vatanimda ona tilimga egri kelsa, aning qonunlarim oldida hisobi qatʼiy boʻlgay” deb, ogʻir va magʻrur joy oladi.
“Ovrupaning kunchiqarida, Osiyoning bari kengliklarida, ayniqsa, aning yurak-bagʻrida maning tilim moʻtabar va mukarramdir. Ahli olamga kuch va gʻayrat, adabiyat, ilm-u maʼrifat, boringki, koʻp ellarga madaniyatning yetishida rusiy tilim beli hamisha bogʻlidir. Yurtimda ikki yuzga yaqin elat istiqomat qilsa-da, qatʼiyatimiz sabab kimki tilimizdan or qilsa, kimsaning jism-u joni dogʻlidir”, deb oʻrusiyalik “ogʻamiz” soʻz oladir.
Chin yurtidan vakil aytar: “Tavorixdan maʼlumki, bugun qaysiki til isteʼmoldadir, aning oʻtmishida bir necha karra isloh, oʻzgarishlar qayta-qaytadir. Ammo maning “Osmondan yerga tushgan” tilim ming yillarki, oʻz shamoyilin avvalda qanday kechgan ersa, shunday saqlab, islohlari tuslanmagan yagona imlodadir. Tilimning ushbu fazilatidan olam ahli qadimning asrorlarin bizdan izlaydir. Chin tilimni oʻrganib bitmoq qanchalik mushkul ersa, andan mosuvo boʻlmoq-da gʻoyat mashaqqatdir”.
Sipolik ila navbatni arabiyga bersak: “Bismillahir rohmanir rohiym. Yakkayu yagona hamda mehribon Ollohning irodasi ila bizning tilimiz Odam naslidan boʻlganlarning barchasi uchun aziz va mukarram boʻlgan, barchamizni Haq yoʻliga chorlovchi, Parvardigori olamning biz osiylarga nusrati boʻlgan Qurʼoni Karim nozil qilingan zabondir. Bundan ortiq tilimiz va biz uchun sharaf yoʻqdir. Kimsaki, tilimizdan gʻofildur, yurar rohi botildur” deya barchani sergak qiladir.
Hamma qatori sergak tortgan, ammo bir chekkada oʻtirgan oʻzbekim uff tortgan kuyi soʻz boshlaydir: “Maning tilim turkiy tillar shodasida eng sara durdir. Biroq ushbu durning qiymati bugun beqadr qolib, oʻlda-joʻldadir. Sababin koʻp oʻyladik, zakonlar tetik, joyida, barchaga barobar belgilab berilgan qoida, har yili ulugʻ oktyabrda til bayramin jar solamiz, afsuski na rezultat bor, na foyda..!”
Barcha jim qoldiyu, mashvaratning hadi koʻrindi. Gapni indallosini aytsak, barchaning rahmi keldiyu, qoʻlidan nima ham kelardi ularning oʻzbekka madad boʻlgulik. Axir, dardning yonida shifosi ham boʻladi. Buni kimdir bilmas, kimdir biladi.
Shu asnoda maqolamizga ustoz Alixontoʻra Sogʻuniyning ushbu soʻzlarini iqtibos qilsak: “Hozirgi oʻqimishlik, tushungan Vatan bolalarimiz, agar milliy hislik boʻlmas ekanlar, ulardan bizga, yaʼni oʻz xalqiga foyda yetishi hech vaqt mumkin emasdir. Balki bolta sopini oʻzimizdan chiqargandek, yov qoʻlida tub ildizimiz bilan kesib quritishga qurol boʻladilar. U holda esa oʻzlaridan umid etilgan Vatan oʻgʻillarining qoʻllari bilan Vatan ahllarini koʻmishga chuqur qaziladi demakdir”.
Azizlar, bizdan bir oʻtinch: “Til bilgan el biladir”, “Tili azizning eli aziz” deydi xalqimiz. Oʻgʻillarimiz, qizlarimizga oʻz tilimizni avval mukammal oʻqitaylik, oʻrgataylik, Navoiyni, Bedilni, Ogahiyni, Mashrabni siz meni tushunganday anglasinlar, tilimizda oʻylasinlar, tilimizda soʻylasinlar, oʻzlik eshiklarin ochsinlar, olamga baralla oʻzbekman deb aytsinlar. Soʻngra magʻrib-u mashriq tillarini oʻrgataylik, ilm eshiklarin ochsinlar, yurtga Beruniylar, Xorazmiylar, Farobiylar, Fargʻoniylar, Ibn Sinolar qaytsinlar.
Gʻ.Otajonov,
“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati
Xorazm viloyati hududiy boʻlimi
bosh mutaxassisi