Til xalq bilan birga yashaydi
Qadimgi turkiy til zaminida yotgan oʻzbek tilining miloddan oldingi III asrdan ham ilgariroq shakllangani ishonchli, ayni paytda muhim tarixiy dalil sifatida eʼtirof etilishi kerak...
Qadimgi turkiy til zaminida yotgan oʻzbek tilining miloddan oldingi III asrdan ham ilgariroq shakllangani ishonchli, ayni paytda muhim tarixiy dalil sifatida eʼtirof etilishi kerak...
Davlat tili toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilingandan keyin oʻtgan 30 yil davomida maʼlum ishlar amalga oshirilganini eʼtirof etishimiz kerak. Muhtaram Prezidentimizning yaqindagina chiqargan qarori shu paytgacha Davlat tili toʻgʻrisida amalga oshirgan ishlarimizning umumiy mundarijasidir. Oʻtgan 30 yil davomida oʻzbek tiliga munosabat oʻzgardi. Birinchi navbatda, til Ona Vatan kabi muqaddas ekanini anglab yetdik, moddiy boyliklar ona tiliga teng kela olmasligini tushundik. Zotan, insoniyat nimaniki muqaddas deb bilgan boʻlsa, oʻsha narsalarni asrab-avaylaydi, dogʻ tushirmaslikka harakaAt qiladi, himoya qiladi. XVI asrda yashagan fransuz shoiri Dyu Bellening: “Ona tilini himoya qilish vatanni himoya qilish bilan barobardir” degan gapi haq ekani XX asr oxiri va XX1 asr boshida oʻzbek xalqi hayotida ham oʻz ifodasini topdi.
Hamma davrlarda ham Davlat tili yoki rasmiy til –ehtiyoj hosilasi, davlat va xalqni yakdillikka olib boradigan asosiy vosita boʻlgani tayin. Ayni paytda davlat tili mazkur davlat doirasida siyosiy, ijtimoiy va madaniy qatlamni birlashtirish vazifasini bajaradigan til ekanini ham eʼtirof etamiz. Eng muhimi, Oʻzbekistonning davlat tili, har qanday mamlakatning davlat tili faoliyatida boʻlgani singari, davlatning bitta ramzi boʻlgan va shunday boʻlib qoladi.
Garchi achchiq boʻlsa ham aytish kerakki, davlat tili toʻgʻrisidagi Qonun, nazarimizda, mavsumiy xarakterga ega boʻlib qolayotganday. Oʻttiz yildan beri oktyabr oyida Davlat tili toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilingan sanani nishonlaymiz. Shu bilan tantanalar ham tugaydi. Yanagi yilgacha til borasida sukunat. Qonun moddalari bajarilishiga tanqidiy munosabat ham, Qonundan xulosa chiqarish ham yetishmaydi. Aslida oʻttiz yil oʻtgandan keyin ham “davlat tili toʻgʻrisidagi qonunning mana bu moddasi bajarilmadi, mana bunisi chala bajarilgan” deb aytishimiz koʻpam oʻrinli boʻlavermaydi. Qonun bajarilishi shart. Shu bilan birga, Qonun ona tilimiz yuzasidan katta ishlarni amalga oshirishga turtki berishi lozim.
Qonunning bajarilishiga hamma muassasalar va tashkilotlar ham rioya qilavermaydilar. Ayniqsa, farmatsevtika sohasida ancha beparvolik kuzatiladi. Davlat tili toʻgʻrisidagi Qonunning Yangi tahriri 21-moddasi quyidagicha: “Korxonalarda ishlab chiqariladigan mahsulot davlat tilidagi va boshqa tillardagi yorliqlar, yoʻriqnomalar, etiketkalar bilan taʼminlanadi”. Ammo dori vositalaridan foydalanish haqidagi yoʻriqnomalarning hammasida ham mazkur moddaga rioya qilinayotgani yoʻq. Baʼzilari davlat tiliga tarjima qilinmaydi. Tarjima qilinganlarining oʻzbekchasini tushunib boʻlmaydi va buning oqibatida ruscha yoʻriqnomaga qarashga majburmiz.
Bundayeʼtiborsizlik, ehtimol, boshqa tashkilot va muassasalarning faoliyatida ham kuzatilishi mumkindir. Biz keltirgan misol oddiy, hech qanday muammolarni, bahonalarni roʻkach qilmasdan bajariladigan kundalik ish.
Davlat tili toʻgʻrisidagi Qonun moddalaridan kelib chiqadigan muhim xulosalarning biri shuki, navbatdagi vazifa oʻzbek tilining tarixiy taraqqiyotiga doir puxta ilmiy tadqiqotlar yaratishdan iboratdir. Zotan, oʻzbek tilining oʻtmishi, buguni va kelajagi bizga koʻp narsalardan saboq beradi. Tilimizning ildizi baquvvat ekanidan oʻtmish tarix dalolat beradi va bundan quvonamiz. Bu fikrimizga birinchi dalil yozuv va undan keyin xalqning etnik jarayonidagi uzluksizlikdir. Bizning bu fikrimizga tarixchilar qoʻshilmasligi ham mumkin. Biz uchun oʻzbek xalqi etnogenezining dalillari roʻyxatida birinchi boʻlib yozuv va til turadi. Yozuvga alohida eʼtibor berishimizga sabab shuki, uning ostida shu xalqning tili yashaydi. Bu qarash bizda birdaniga paydo boʻlmagan, balki bir necha oʻn yillar davomida qadimgi turkiy yozuvlar bilan shugʻullanishimiz mahsuli sifatida yuzaga kelgan.Etnogenez va etnik tarixning muhim quroli va asosi yozuvdir. Biz oʻzbek tilining tarixiy ildizlari haqida soʻz yuritar ekanmiz, turli qarashlar va munosabatlardan koʻra manbalar muhim omil ekanini har doim nazarda tutamiz. Oʻzbek tilining tarixiy ildizlari uchun manba – qadimgi turkiy tildagi yozma yodgorliklardir. Oʻzbek xalqining etnik jarayoni va oʻzbek tilining tarixiy manzarasini mazkur yozma yodgorliklar oʻzida toʻliq ifodalashini hech ikkilanmay aytishimiz mumkin. Bu oʻrinda bir muhim rasmiy maʼlumotni takrorlashni oʻrinli deb bilamiz: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish toʻgʻrisida 2016-yil 13-mayda chiqqan farmonda “Oʻzbek tilining har tomonlama taraqqiy topishi va adabiy til sifatida maydonga chiqishida qadimiy turkiy til katta hissa qoʻshganini alohida taʼkidlash tabiiydir” degan bandi diqqatga sazovor. Bu bandeng qadimgi davrlardan oʻzbek tilining uzluksiz davom etib kelgani toʻgʻrisida muhim dalil oʻlaroq, isbot talab qilmaydigan haqiqatni oʻzida mujassamlantirgan.
Davlat tili toʻgʻrisidagi qonunda alohida taʼkidlanmagan boʻlsa ham, baribir qonun moddalari oʻzbek tilining ildizlari, uni ilmiy asosda oʻrganish zarurligini taqozo qiladi.
Darvoqe, har qanday mamlakatda ham u yoki bu shaklda til siyosati olib borilgan va bu davom etadi. Hamma davrda ham ona tilining ravnaqiga millatning ziyolilari alohida eʼtibor berganlar. Oʻzbek tilining shu kungacha sayqallanib, takomillashib kelganiga qadimgi turk xoqonlarining, Qoraxoniylar sulolasi hukmdorlarining va ijodkorlarining, Alisher Navoiyning, Abulgʻozi Bahodirxonning xizmatlarini har doim yodimizda tutsak va ulardan ibrat olsak arziydi. Alisher Navoiyning saʼy-harakatlari va taklifi bilan Husayn Boyqaro “Barcha shoirlar turkiy tilda ijod qilsinlar” degan mazmunda farmon chiqarganini Navoiy aytib oʻtadi. Yoki Abulgʻozi Bahodirxonning turkiy til ravnaqi uchun jon kuydirib aytgan quyidagi gapi chinakam vatanparvar insonni koʻz oldimizda gavdalantiradi. U “Shajarai turk” asarining yozilish sababini quyidagicha izohlaydi: “Bu tarixni yaxshi va yomon barchalari bilsun teb, turkiy til birlan aytdum. Turkiyda ham andaq aytubmankim, besh yashar oʻgʻlon tushunur. Bir kalima chigʻatoy turkisindin va forsidin va arabiydin qoʻshmayman, ravshan boʻlsun teb”.Davlat tili maqomi toʻgʻrisidagi qonun qabul qilingandan keyin goʻyo tilimizni “tozalash” va “boyitish” uchun koʻplab arabiy va forsiy soʻzlarni qalashtirib qoʻllash hech qanday foyda bermaganini, aksincha, keng ommani chalgʻitganini alohida taʼkidlash bilan birga, bu borada Abulgʻozi Bahodirxondan oʻrnak olish lozimligini aytib oʻtishni lozim deb bilamiz. Ona tilining sofligi uchun kurashga Abulgʻozining shu gapini shior sifatida qabul qilsak ham boʻladi. Abulgʻozi turkiy deganda, eski oʻzbek tilini nazarda tutgan edi.
Til va yozuv – maʼlum bir hududdagi tilning kelib chiqishi va xalqning etnogenezini dalillash uchun asosiy qurol deb aytamiz. Azaldan oʻtroq hayot kechirgan Fargʻona vodiysidan topilgan yozuv madaniyatiga tayanilsa, masala ilmiy yechimini topadi.
Fargʻona vodiysining turli hududlaridan topilgan turkiy-run yozuvi yodgorliklari, Toshkent viloyati, Qizilqum choʻlidan topilgan yozuv yodgorligi singari bir qator turkiy yozuv yodgorliklari milodiy VI-VII asrga mansub boʻlib, Janubiy Sibir, Talas vodiysidan topilgan turkiy yozuvlar bilan zamondosh, hatto bir oz oldinroq deb ham aytish mumkin. Shu bois Oʻzbekiston hududidan topilgan va hali turkiy yozuv ekaniga ayrim olimlar shubha bilan qarayotgan yozuv yodgorliklari oʻzbek tilining tarixiy ildizlarini dalillashda asosiy vositadir.
Biz turkiy-run yozuvi va shu yozuvda bitilgan qadimgi turkiy til yodgorliklari oʻzbek tilining tarixiy ildizi uchun ishonchli manbalardan biridir deb qarar ekanmiz, turkiy-run yozuvi, turkiy tamgʻalar va bularning asosida yotgan qadimgi turkiy til haqida boshqa yodgorliklardagi tarixiy maʼlumotlar ham muhim ahamiyatga ega. Fikrimizning dalili uchun bir dalilga murojaat etaylik:
Eletmish bilga xoqon bitig toshida (759-760-yilarda yaratilgan) shunday maʼlumot bor: Bing yiliq tuman kunluk bitigimin, balgumin bunta yasi tashqa yaratdim, tolqu tashqa toqutdim “Ming yillik, tuman kunlik yozuvimni, belgimni bu yerda yassi toshga oʻyishga buyurdim, ogʻir toshga oʻrnattirdim”.
Moyun chur bitigtoshida (756-757-yillar) ana shu tarixiy maʼlumot aynan takrorlanadi. Mana shu ikki parcha qadimgi turkiy til zaminida yotgan oʻzbek tilining miloddan oldingi III asrdan ham ilgariroq shakllanganiga ishonchli, ayni paytda muhim tarixiy dalil sifatida eʼtirof etilishi kerak. Bu – birinchi dalildir.
Ikkinchi dalil – boshqa xalqlarning tarixiy manbalarida qadimgi turkiy til haqida saqlangan maʼlumotlar, qadimgi turkiy tilga oid matn parchalari ham oʻzbek tilining tarixiy ildizi haqida asosli soʻz yuritish uchun xizmat qiladi. Bu guruhga qadimgi Xitoy yilnomalarida saqlanib qolgan qadimgi turkiylar ajdodi xunlarning tiliga oid parchalar, ayrim soʻzlardir.
Oʻzbek tilining tarixiy ildizlarini qiyosiy usul asosida tahlil qilish lozim. Xun tilidan boshlab hozirgi oʻzbek tiligacha leksik qatlamning shaklan va maʼno jihatdan yaqinligini dalillash uchun qiyosiy usul talab qilinadi.
. Eletmish Bilga xoqon va Moyun chur qadimgi turkiy yodgorliklaridan keltirilgan yuqoridagi “ming yillik, tuman kunlik” yozuvlar haqidagi maʼlumotlar xun, qadimgi turk va eski oʻzbek tillarining uzluksiz bir tizim holida davom etib kelganini koʻrsatadi. Bu fikrlarimiz va keltirilgan dalillar turkiy tillarning geneologik tasnifini va davrlashtirishni qaytadan koʻrib chiqishga undaydi.
Miloddan oldingi 1V asrda xunlar haqida yozib qoldirilgan xitoy yilnomalarini, ehtimol, undan oldingi yilnomalarni ham, sinchiklab oʻrganish oʻzbek xitoyshunoslarining muhim vazifalaridan ekani oʻz-oʻzidan ayon boʻladi. Shuningdek, skifologiyani ham bu sohaga jalb qilishga toʻgʻri keladi. Skiflar tilining soʻz qatlami ham oʻzbek tilining tarixiy ildizlariga tayanch manbalardan biri sifatida tanlansa, oʻrinli boʻlardi.
Prezidentimizning qaroridan kelib chiqqan holda, ona tilimiz “buyuk qadriyat” ekani tilshunoslar oldida turgan vazifalarni belgilab olishga undaydi.
Navbatdagi vazifalarimiz oʻzbek tilining tarixan keng miqyosda ravnaq topganini dalillashga qaratilgan boʻlishi kerak. Biz bu vazifalarni amalga oshirish uchun bir necha takliflarni oʻrtaga tashlamoqchimiz.
Birinchidan, oliy taʼlim tizimida oʻzbek tilshunosligini oʻqitishni qayta koʻrib chiqish kerak. Bugungi avlodda ona tiliga muhabbatni uygʻotish omillarini takomillashtirish lozim. Shunchaki, grammatik qoidalarni oʻrgatish bilan avlodlarda ona tiliga muhabbatni uygʻotib boʻlmaydi. Ayniqsa Oliy taʼlim tizimidagi oʻzbek filologiyasi fakultetlari dasturlarini tamomila qayta koʻrib chiqish lozim. Mavjud dasturlar va oʻqitilayotgan fanlar talabada ona tilimizga muhabbat uygʻotishiga bir oz shubhalanadi, odam. Yevropa tilshunosligida X1X asrning ikkinchi yarmida paydo boʻlgan, allaqachon eskirib boʻlgan fanlarni yangilik sifatida oʻzbek tilshunosligiga olib kirish oʻzini oqlamaydi. Psixolingvistika va boshqa qator fanlarni nazarda tutyapmiz. Aslida X1X asrdagi Yevropa tilshunosligidagi qarashlar, nazariy tushunchalar oʻtmishdagi turkiy xalqlar tilshunosligida bor. Hatto badiiy asarlar tarkibidan, masalan, Navoiy “Xamsa”sidan tilshunoslikning nazariy tushunchalari sifatida ajratib oʻrganish lozim Yoki XIII asr ikkinchi yarmi – X1V asrda Oʻrta Osiyo, Volga boʻylarida tashkil topgan Oltin Oʻrda davlatida, Misr mamluklar davlatida yaratilgan va eski oʻzbek tilida yozilgan “Nahjul- farodis”, “Jumjuma sulton” dostonlarining aynan eski oʻzbek tilida yozilgani ham ona tilimizning geografik hududi kengligidan dalolat beradi. Yoki Mamluklar davlatida yaratilgan badiiy asarlar (Masalan, “Sayfi Saroyining “Gulistoni bit-turkiy”si, oʻsha davlatda oʻzbek tilida ijod qilgan bir qator shoirlarning sheʼrlari) bilan bir qatorda qator izohli lugʻatlar, jumladan,turkcha-arabcha lugʻatlar (muallifi nomaʼlum “Tarjumoni turkiy va ajamiy va moʻgʻuliy va forsiy” lugʻati, Abu Xayyonning “Kitob al-idrok li-lison al-atrok” nomli leksika va grammatikaga oid asari,“At-tuhfat az-zakiya fil-lugʻatit-turkiya”nomli leksika va grammatikaga oid asar, Jamoliddin Turkiyning “Bulgʻot” nomli qipchoq tili lugʻati va h.lar) buning bir dalilidir.
Ikkinchidan tilshunoslik, umuman filologiya boʻyicha boʻyicha himoya qilinayotgan dissertatsiyalarning saviyasi tobora tushib ketayotganini ham afsus bilan qayd etishga majburmiz. Biron monografiya yoki maqolalar yozganimizda, aksariyat dissertatsiyalar tilshunoslik uchun keraksiz ekani ayon boʻlib qoladi. Chunki dissertatsiyalarning qolipi va nazariy tushunchalari rus tilshunosligidan olinadi, misollar esa oʻzbekcha.
Uchinchidan, oʻzbek tili azaldan dunyo miqyosida turkologiya fani qamrovida oʻrganilib keladi. Shu bois Oʻzbekiston Milliy universitetida Turkologiya markazini tashkil qilish oʻrinli deb hisoblaymiz. Nimaga Qozogʻistonda Xalqaro turkiy Akademiya va bir qator oliy oʻquv yurtlarida turkologiya markazlari va ilmiy tadqiqot institutlari faoliyat koʻrsatadi-yu Oʻzbekistonda bironta ham ilmiy markaz yoʻq. Zotan, Turkologiya fani nafaqat tilshunoslik uchun, balki oʻzbek xalqining etnogenezi borasida hali ochilmagan qoʻriqlarni ochish uchun ham xizmat qiladi. Bir misol:unutilib ketgan davlatlar, xalqlar tarixini arxeologlar emas. tilshunoslar kashf qilganlari tarixda ahyon-ahyonda boʻlsa ham uchrab turadi. Masalan, Shumer davlatini va shumer xalqi hamda tilini arxeologlar emas, tilshunoslar kashf qilganlar. Xett davlati haqida ham shuni aytish mumkin, 2500-yil ilgari yashagan bu davlatni “tiriltirish”da tilshunoslarning xizmatlari katta boʻlgan.Tilshunoslikning fandagi oʻrni eksak ekani ana shu ikkita dalildan ham maʼlum boʻlib turadi.
Toʻrtinchidan, qadimgi xitoy, yunon tarixiy asarlarini sinchiklab oʻrganish va bu manbalardagi qadimgi turkiy soʻzlar lugʻatini tuzish zarurati oʻzbek tiliga muhabbat uygʻotishning bir asosidir. Ayni paytda talabada tilga muhabbat uygʻotishning yana bitta yoʻli shuki, “Badiiy asar tili” degan fan kiritilishi maqsadga muvofiqdir. Hadeb talabaga qoida yodlatavermasdan, qadimgi davrdan shu kungacha badiiy asarlarda ijodkorning ona tilidan foydalanish mahoratini namoyish qilish lozim. Men “Oltun yorugʻ” asarini (1X asrning oxiri- X asrning boshi) hozirgi oʻzbek tiliga tabil qilishda shu zaruratni sezgan edim.Qolaversa, shoir ahli – til ijodkori hamdir, Yangi soʻzlarni va yangi maʼnolarni ijodkorlar yaratadi. Shoir Abdusaid Koʻchimov bir sheʼrida “Bedov, asov, poʻlkan tulporlar” degan misra bor. Yoki boshqa bir sheʼrida Oʻzbekistonga “oʻzbekday muallo makon” deya taʼrif beribdi. Oʻzbek xalqining tarixda azaldan yuksak mavqe tutib kelgani, tarixda har doim baland martabada boʻlganini muallo soʻzi orqali ifoda etgan. “Poʻlkan tulporlar” degan iborani koʻp lugʻatlardan qidirdim: “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ni, “Navoiy asarlari lugʻati”ni, mashhur turkolog L. Z. Budagov 1871-yili tuzgan qiyosiy lugʻatni...Xullas, bisotimda qaysi lugʻat boʻlsa hammasini titkilab chiqdim – poʻlkan soʻzini topa olmadim. Oxiri “poʻlkan tulpor”ning shaklu shamoyili va mazmunini oʻzimcha tushundim. Shoir bedov va asov soʻzlariga maʼnodosh soʻz sifatida poʻlkan soʻzini kashf qilganini angladim. Shoirning shu sheʼrini, qolaversa, koʻp shoir va yozuvchilarimizning asarlarini oʻqiganimda bir zaruratni anglardim. Menda, oʻzbek tilining poetik soʻzlar lugʻatini tuzish kerak ekan, degan fikr aslo tinchlik bermasdi..
Ana shunday vazifalarga Prezidentimizning yaqindagina chiqargan “Davlat tili haqida“gi qonunning 30 yilligini munosib nishonlash toʻgʻrisidagi qarori” ham dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.
Nasimxon Rahmonov
Filologiya fanlari doktori, professor
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti