Til va adabiyot maskanida o‘zbek tili bayrami nishonlandi
Millatning madaniyatini, ma’naviy qiyofasini uning tilisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ana shu bebaho boyligimizga o‘z vaqtida jiddiy g‘oyaviy hujumlar uyushtirildi. Biroq, o‘zbek irodasi bukilmadi. Ma’naviy bulog‘i loyqalanmadi.
Ana shunday muqaddas kun munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbir Yakkasaroy tumani hokimligi va universitet hamkorligida tashkil etildi. Unda tuman hokimligi hamda oliygoh mas’ullari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda tuman tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar o‘zbek tilining boy tarixi, betakror jozibasi, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishdagi beqiyos o‘rni haqida fikr bildirdi.
Kechaning badiiy qismida talaba-yoshlar tomonidan ona tilimizni madh etuvchi she’rlar, adabiy chiqishlar namoyish etilib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.

Shuningdek, bo‘lajak pedagoglarning zimmasida yosh avlodni ona tiliga muhabbat, milliy qadriyatlarga sadoqat va Vatanga daxldorlik ruhida tarbiyalashdek sharafli mas’uliyat turgani alohida e’tirof etildi.
Sherbek Islomov,
O‘zA