Til o‘rganish tizimi takomillashmoqda
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Germaniya va Fransiya elchixonalari, Britaniya Kengashi, Gyote instituti hamkorligida Yevropa tillari kuni doirasida ilmiy-amaliy va madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Germaniya va Fransiya elchixonalari, Britaniya Kengashi, Gyote instituti hamkorligida Yevropa tillari kuni doirasida ilmiy-amaliy va madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarimizning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur o‘rganishi barobarida chet tillarini ham puxta o‘zlashtirishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2013-yil 23-maydagi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarga doir qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Tadbirlar doirasida mamlakatimizning barcha hududidagi maktab, kasb-hunar kolleji va akademik litseylar hamda oliy o‘quv yurtlarida faoliyat ko‘rsatayotgan yuzdan ortiq ingliz, nemis va fransuz tili o‘qituvchisi va uslubchilar uchun intensiv treninglar tashkil etildi. Universitet qoshidagi Chet tillarni o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi va hamkor tashkilotlar mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan seminarlarda asosiy e’tibor o‘qituvchilar malakasini oshirish, CEFR – chet tillarni o‘rganishning umumevropa kompetensiyasi va uni mamlakatimiz ta’lim tizimiga tatbiq etish masalasiga qaratildi.
– Institutimizda chet tillarni o‘qitishda noan’anaviy usullardan foydalanish keng yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi Dilafruz Ergasheva. – Xususan, ingliz tili amaliy kursi va chet tilini o‘qitish metodikasi kurslari bo‘yicha barcha bosqich talabalari uchun takomillashtirilgan dasturlar yaratilgan. Seminar-treninglarda mavjud tajribalar haqida fikr almashildi. Xorijlik mutaxassislardan talabalarni ijodiy fikrlashga undaydigan zamonaviy uslublar haqida ma’lumotlar oldik.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonalari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorligida seminar qatnashchilarini taqdirlash marosimi va tillar festivali tashkil etildi. Unda universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari, elchilar, turli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Universitet rektori Shuhrat Qayumov, Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi rahbari, elchi Yuriy Shterk, Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Xyofer-Vissing va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat, erkin fuqarolik jamiyatini qurish jarayonida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga, ularning ongu qalbida sog‘lom turmush tarzi, millatlararo bag‘rikenglik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan jahon tillari va madaniyati festivali, turli ilmiy-amaliy konferensiyalar kelajagimiz vorislarining umumbashariy va demokratik qadriyatlarni chuqur o‘zlashtirishida, chet tiliga doir bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– O‘quv dargohimizda olti mingdan ortiq talaba ingliz, nemis, fransuz va boshqa chet tillarini puxta o‘rganmoqda, – deydi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining prorektori Akbar Nurmatov. – Muassasamizda ta’lim jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Britaniya kengashi mutaxassislari bilan hamkorlikda “Ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashning yangi dasturi” ishlab chiqilib, amaliyotga keng tatbiq etildi.
Talabalar ishtirokida universitet bilan hamkorlik o‘rnatgan Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Ukraina, Bolgariya, Latviya, Gruziya, Ruminiya, Shveytsariya kabi mamlakatlar xalqlari tarixi, turmush tarzi, madaniyati va urf-odatlari haqida ma’lumot beruvchi badiiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiq va raqslar namoyish etildi.